Xo‘jamazgilda “Vatan ostonasi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Shu kunlarda respublikamizning olis chegaraoldi hududlarida “Vatan ostonasi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, ana shunday tadbirlardan biri Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Xo‘jamazgil mahallasida bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda chegaraoldi hududda yashovchi mahalliy aholi, yoshlar, tuman hokimligi, harbiy prokuratura xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi mas’ullari hamda jamoat faollari ishtirok etishdi.

 

Mahalladagi 10-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tantanali tadbir O‘zbekistan Respublikasi davlat madhiyasining harbiy orkestr musiqa sadolari ostida ijro etilishi bilan boshlandi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvar islohotlar, xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan choralar va ularning natijadorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan maqsadli vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritishdi.

 

Shundan so‘ng, tumandagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar maydonga tushib, yig‘ilganlarga o‘zlarining jangovor mahoratlarini ko‘rgazmali tarzda namoyish etishdi.

 

Bulung‘ur tumani Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi hamda harbiy orkestr ijrosidagi sho‘x kuylar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, yoshlarni raqsga chorladi. Shuningdek, maydonda harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda yoshlar jangovor qurol-yarog‘lar, ularning vazifasi, imkoniyatlari hamda foydalanish yo‘riqnomasi bilan tanishtirildi.

 

Tadbir davomida “Kalashnikov” avtomatini chaqqonlik bilan qismlarga ajratish va jangovor shay holatga keltirish yuzasidan bellashuvlar, turli viktorinalar tashkil etilib, yakunda g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Tadbir so‘ngida, “Ochiq eshiklar kuni” loyihasi doirasida maktab yuqori sinf o‘quvchilarining harbiy qismlardan biriga sayohati tashkil etildi. Bu yerda yoshlar harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirilib, og‘ir zirxli harbiy texnikalar, ularning vazifasi hamda imkoniyatlari, foydalanish yo‘riqnomasi yuzasidan nazariy hamda amaliy bilimlar berildi.

 

Albatta joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, ularni vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda an’analarga hurmat, istiklol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM