“Ayollar daftari”ning 5-bosqichi shakllantirilmoqda

Xo‘sh, unga kimlar, qanday me’zonlar asosida kiritiladi, kimlar kiritilmaydi? Ularga qanday yordamlar ko‘rsatish nazarda tutilgan? Ushbu savollarga quyida batafsil javob topishingiz mumkin.

 

Hayotimizning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotganligi sir emas. Xususan, ayni kunlarda joylarda "Ayollar daftari”ning 5-bosqichi ro‘yxatlari shakllantirilmoqda. Ushbu jarayonda mahallalardagi xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, xotin-qizlar bilan suhbatda bo‘lishmoqda. Ularning oilaviy sharoiti, ma’lumoti va mutaxassisligi, qiziqishlari va bildirilayotgan muammolariga ko‘ra ro‘yxatga kiritish-kiritmaslik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

 

Bunda o‘rganish jarayonlari 31-yanvarga qadar davom etishi, shundan so‘ng 15-fevralgacha “Individual dasturlari” ishlab chiqilishi hamda 28-fevralgacha xotin-qizlar ro‘yxatlarini, “Individual dasturlari” hamda xotin-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasini Xalq deputatlari tuman kengashiga tasdiqlash uchun kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Ayollar daftari - ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bo‘lib, unda 6 ta toifaga ko‘ra ro‘yxat shakllantiriladi. Ular quyidagilar va ushbu yo‘nalishda yordam ko‘rsatiladi:

1-toifa. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;

-  bandligini ta’minlash;

- zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish; (BXM 2 barobari) bu qo‘shimcha yordam

2-toifa. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;

-  tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

3-toifa. Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;

-  bir martalik moddiy yordam berish; (BXM 4 barobari)

3.1-toifa. Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;

- sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash; (BXM 30 barobari)

4-toifa. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;

-  bir martalik moddiy yordam berish; (BXM 4 barobari)

- tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatish – bu qo‘shimcha yordam

4.1-toifa. Uy-joyini ta’mirlashga muhtoj ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;

- sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash; (BXM 30 barobari)

5-toifa. Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;

-  ijara kompensatsiyasini to‘lash, ijtimoiy uylarga joylashtirish, uy-joy bilan ta’minlash;

- zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish; (BXM 2 barobari)bu qo‘shimcha yordam

6-toifa. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar;

-  bir martalik moddiy yordam berish; (BXM 4 barobari)

6.1-toifa. Tomorqadan daromad olish istagini bildirgan qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar;

- sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish.

 

Ahamiyat berish kerak!

  1. “Ayollar daftari”ning 4-bosqichida ayrim sabablarga ko‘ra kiritishni iloji bo‘lmagan xotin-qizlarni (4-bosqichda yordam berilmay qolgan xotin-qizlar, ichki migratsiya va tashqi migratsiyada yurib, xozir qaytib kelgan xotin-qizlar, sog‘lig‘i tufayli kasalxonada bo‘lib, xozirda tushgan xotin-qizlar, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlarni) birinchi navbatda o‘rganiladi.
  2. “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan, biroq ayni paytda ehtiyojmand bo‘lib turgan 30 yoshga to‘lgan xotin-qizlarga e'tibor beriladi.
  3. "Temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar yoki farzandi "Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi. Qachonki “Temir daftar”dan chiqish sharti bilan kiritilishi mumkin.
  4. "Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar "Ayollar daftari”ning

a) 1-toifasiga (ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar),

b) 2-toifasiga (tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar),

s) 5-toifasiga (uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar) kiritilishi mumkin.

  1. Oldingi bosqichlarda “Ayollar daftari”ga kiritilib, doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar qaytadan “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi.
  2. Bunda birorta ham ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar e’tibordan chetda qolib ketmasligiga ahamiyat beriladi.
2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM