Sudda ko‘rilayotgan nizoli vaziyatga aralashish, ta’sir ko‘rsatishga urinish to‘g‘rimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda yer sotish avjida…mi?” sarlavhasi ostida videolavha e’lon qilindi. Unda Bulung‘ur tumani “O‘zbekiston” Agrofirmasi hududidagi sobiq “Shaxzodbek serunum dalasi” fermer xo‘jaligining raisi bo‘lgan fuqaro Adhamov Alisherning vajlari keltiriladi. Avvalo, ushbu lavhani tayyorlagan OAV xodimlarining xolis yondashganliklariga umid qilgan holda, voqea yuzasidan ikkinchi tomonning yoki mas’ullarning ham fikri tinglanishi, bir so‘z bilan aytganda jurnalistlik surishtiruv o‘tkazilganda maqsadga muvofiq bo‘lishini eslatib o‘tmoqchimiz…

        

Videolavhada tilga olingan holatlar yuzasidan quyidagi faktlarga etibor qaratamiz: “Shaxzodbek serunum dalasi” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonlari tuman hokimining 2020-yil 14-apreldagi 280-sonli qarori bilan tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan hamda 2021-yil 10-fevraldagi 70-sonli qaroriga asosan “Ikromjon Ummatovich” MChJga 46 yil muddatga ijaraga berilgan. Shundan so‘ng, mazkur yerdan fuqaro A.Adhamov bir yil davomida ichki shartnoma asosida foydalanib ham kelgan. Biroq, keyinchalik tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizo sababli ish sudga oshirilgan va bir necha instansiyalarda ko‘rib chiqilgan. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2023-yilning 6-iyundagi qarori bilan Adhamov Alisher Adham o‘g‘lini “Ikromjon Ummatovich” MChJ yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish belgilangan. Keyinchalik, ya’ni 2023-yil 14-sentabrdagi Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha appelyatsiya instansiyasining ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2023-yilning 6-iyundagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilib, appelyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Bundan tashqari, Bulung‘ur tumani hokimining 2020-yil 14-aprel kunidagi 280-sonli hamda 2021-yil 10-fevraldagi 70-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo talabi bilan arizachi A.Adxamov Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Keltirilgan shikoyat arizasi Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilib, arizachining da’vo talabi 2023-yil 10-may kungi hal qiluv qaroriga asosan qanoatlantirishdan rad etilgan. Shundan so‘ng, sudning hal qiluv qaroriga nisbatan arizachi A.Adxamov Samarqand viloyat Ma’muriy sudi appelyatsiya instansiyasiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Samarqand viloyat Ma’muriy sudi appelyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining 2023-yil 28-oktabrdagi hal qiluv qaroriga asosan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilib, appelyatsiya shikoyati qanoatlantirishdan rad etilgan. Hozirda fuqaro A.Adxamov tomonidan kassatsiya tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudiga shikoyat arizasi berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda mazkur nizoli vaziyat yuzasidan sud jarayonlari yakuniga yetgani yo‘q. Ushbu vaziyatda OAV vakilining bir tomonlama o‘rganilgan material chiqarishi to‘g‘ri emas, deb bilamiz.

Shuningdek, videolavhada ko‘rsatilgan “Otabek” ismli shaxsning ushbu MChJga yoki unga tegishli yerlarga nisbatan hech qanday haq-ququqi mavjud emasligi bildirgan holda, yurtdoshlarimiz bu kabi ta’magirlik holatlariga duch kelganlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Bundan tashqari, videolavhada fermer xo‘jaligida mavjud karer maydonining kengayib ketganligi haqida so‘z yuritilgan. Ushbu holat yuzasidan, Bulung‘ur tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

O‘zbekiston Respublirasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-sonli qaroriga asosan “Ikromjon Ummatovich” MChJ atrof-tabiiy muhitga tasiri bo‘yicha 2-toifaga mansub bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil  12-apreldagi 202-sonli qaroriga asosan har chorakda to‘lov hisobotlarini amalga oshirib kelmoqda.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM