Tuman hokimi: mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim

Bulung‘ur tumani Nurli yo‘l mahallasida navbatdagi apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi Samandar Astonov rahbarligida o‘tgan muhokamada hokim o‘rinbosarlari, kun tartibidagi masalalarga aloqadar tashkilot va muassasa mas’ullari ishtirok etishdi.

 

Muhokama kun tartibida tabiiy va suyuultirilgan gaz tizimidagi muammolar, murojaatlar ijro intizomi, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni xatlovdan o‘tkazish, bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida kichik quvvatdagi qayta tklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi ijrosi, “Yangi O‘zbekiston” massivida ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishi holati kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, ishchi guruh tomonidan tumanning Bulung‘ur, Gulzor, Istiqlol, Mingchinor, Nurli yo‘l mahallalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, jami 58 ta bo‘sh turgan bino aniqlangan. Bundan tashqari, tumandagi 55 ta mahallada ko‘chma va yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shaxobchalari tashkil etish uchun jami 477 ta lot sotilgan bo‘lsada, bugungacha ulardan 26 tasi ishga tushgan, 43 ta holatda ishlar davom etmoqda va 178 ta holatda ishga tushmasdan bo‘sh turganligini ma’lum bo‘ldi.

 

  • Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini ishga tushirshni jadallashtirish, mazkur masalalarni doimiy monitoring qilib borish zarur, deya ta’kidladi tuman hokimi S.Astonov. – Qolaversa, bugungi kunda tadbirkorlik qilish uchun yer so‘rab murojaat qilayotganlarga ushbu imkoniyatlarni taklif qilish zarur. Yer olish, bino qurishga ketishi mumkin bo‘lgan xarajatlarini faoliyatni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirish har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lishi turgan gap.

Muhokama kun tartibida ko‘rilgan har bir masala yuzasidan soha mas’ullari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM