Muammolardan mas’ullarning xabari bor: kamchiliklar imkoniyatlardan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda

“Ishonch.uz” veb-saytida Bulung‘ur tumani Olmazor mahallasi Paxtaboshi qishlog‘idagi kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik sohasidagi bir qancha masalalarga e’tibor qaratilgan maqola e’lon qilindi. Holat tuman hokimining o‘rinbosari N.Sanaqulov rahbarligida soha mas’ullari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Qishloq faollari bilan suhbat davomida yo‘l, elektr energiyasi, oqova suv borasida bir qancha masalalar yuzasidan muammolar bildirildi.

 

Murojjatga muvofiq, tuman ETK mutaxassislari tomonidan qishloq hududi xatlovdan o‘tkazilib, yaroqsiz sim-yog‘ochlarni temir-beton ustunlarga almashtirish chorasi ko‘rilishi belgilandi. Transformator punktining quvvati yetishmasligi bilan bog‘liq masala yuzasidan Dasturga taklif kiritilishi, ushbu masala biroz vaqt talab qilishi tushuntirildi.

 

Shuningdek, “Bulung‘ur suv ombori” qurilishidan oldin aholining tomorqalariga suv kelgan hudud bugun ombor qurilishi uchun ajratilganligi, hudud nisbatan yuqorida joylashganligi sabab, hozirda hududga oqova suv kelishi imkonsiz. Biroq, ushbu muammoning yechimi sifatida hokimlik tashabbusi bilan hududda 2 ta artezian qurilgan. Ulardan biri mahalla, ikkinchisi hududdagi fermerlardan birining balansiga o‘tkazilgan bo‘lib, mahalla ahli kelishgan holda navbat bilan suv quyishlari mumkin. Bunda, faqatgina ishlatilgan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirishlari lozim bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, bugungi kunda suv ombori qurilishi tomon qishloqdan o‘tgan yo‘ldan og‘ir texnikalarning muntazam qatnovi sababli hozirda ushbu yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizish maqsadga muvofiq emasligi tushuntirildi. Biroq, suhbat davomida bildirilgan murojaatlarga muvofiq, qishloqning ichki yo‘llaridan 3 km. qismi shag‘allashtirilishi belgilandi va bugungi kunda tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi tomonidan ishlar boshlab yuborilgan.

 

Aholi bilan suhbat davomida muammo va kamchiliklar borligidan hokimlik va mas’ullarning xabari bor ekanligi, ishlar hududlarning og‘irligidan kelib chiqqan holda, navbat bilan amalga oshirilishi tushuntirilib, bugungi kunda bu boradagi eng tez yechim “Tashabbusli budjet” dasturi ekanligi eslatib o‘tildi.

 

Shuningdek, maqola muallifi “tumanning Fozil Yo‘ldosh mahallasida ham ichimlik suvi uchun ertalab va kechqurun 15-20 xo‘jalik oralig‘ida o‘rnatilgan kranlarda odamlar turnaqator navbatda turishar ekan”, deya ta’kidlaydi. Muallif e’tibor qaratgan hududda 2019-yilda 1 ta yangi suv inshooti qurilib, 3.5 km. tarmoq tortish ishlari bajarilgan. Ammo, loyihada aholi xonadonlariga emas, ko‘cha bo‘ylab har 4-5 ta uy uchun bitta suv jo‘mraklari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan va ishlar loyiha asosida bajarilgan. Ya’ni, ko‘chadagi suv jo‘mraklarining 15-20 xo‘jalik oralig‘ida o‘rnatilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, soha mas’ullarining ma’lum qilishicha, bu boradagi tartib-tamoyillarga o‘zgartirish kiritilib, 2021-yildan keyin qilinayotgan loyihalarda ichimlik suvi tarmog‘ini har bir xonadonga tortish va unga suv o‘lchash asboblari o‘rnatilishi talabi qo‘yilmoqda va ishlar shunga ko‘ra loyihalashtirilmoqda.

 

Maqola muallifi tuman hokimini “o‘z aholisi bilan muloqot qilishga oshiqmayotgan”likda ayblashga behuda uringan. Sababi bugun sektor rahbarlari har haftada bir marotaba o‘z sektoridagi mahallalarda uchrashuv va sayyor qabullar o‘tkazib borishi hech kimga sir emas. Xususan, tuman hokimining bu boradagi uchrashuvlari ham hokimlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam yoritilib borilmoqda. Qolaversa, tuman hokimi S.Astonov tumanda ish faoliyatini boshlashi bilanoq xalq ichiga kirib borganligi, bugun aksariyat fuqarolar o‘z murojaatlari yuzasidan tuman hokimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon qilib bog‘lanishayotganligi, murojaatlar shaxsan joyiga borib o‘rganilishini keng jamoatchilik, faollar yaxshi bilishadi.

 

Biz so‘zimizda bugungi kunda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamiga alohida urg‘u berishni lozim topmadik. Sababi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini yurtdoshlarimiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turishibdi va bu boradagi ishlar alohida mavzu bo‘la oladi. Shu o‘rinda, tumanda yo‘l, ichimlik suvi, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar borligini inkor etmagan holda, ushbu masalalarning ijobiy hal etilishi vaqt va mablag‘ sababli bosqichma-bosqich amalga oshirilishini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM