Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar borasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi

Bulung‘ur tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlarining 2023-yil 1-yarmidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tuman hokimi S.Astonov, tuman hamda viloyat prokuraturasi, tuman IIB rahbariyati va mas’ul xodimlari, Departament va MIB tuman bo‘limi boshliqlari hamda tuman IIB huzuridagi TB boshlig‘i hamda tuman IIB JXX XPB profilaktika inspektorlari, mahalla mas’ullari ishtirok etishdi.

 

Muhokama davomida raqamlarga e’tibor qaratildi. Xususan, 2023-yil 6 oyida tumanda umumiy jinoyatlar 3,45 foiz (145-150) ga oshgan bo‘lib, shundan o‘ta og‘ir jinoyatlar 5 taga, o‘g‘irlik 4 taga, bosqinchilik 2 taga, bezorilik 4 taga, transport vositasini olib qochish 2 taga, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar 2 taga, jamoat tartibiga tahdid soladigan material tarqatish 2 taga ko‘paygan. Ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar toifasi tahlil qilinganida, eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar tomonidan 4 taga, yoshlar tomonidan 26 taga, iqtisodiy jinoyatlar 10 taga, boshqa jinoyatlar 10 taga ko‘payganligi kuzatilmoqda. Tumandagi 55 ta mahalladan 34 tasida jinoyat sodir etilmagan va 13 tasida jinoyatlar kamaygan bo‘lsa, 8 ta (Bulung‘ur, Yangiqo‘rg‘on, Elobod, Saxovat, Mexrjon, Bog‘bon, G‘o‘bdin va Ulug‘bek) mahallalarida jinoyatlar oshgan va “qizil” toifaga kiritilgan.

Muhokamalar davomida aksariyat mahallalarda jinoyatlarni kelib chiqish sabablari, shart-sharoitlari to‘liq o‘rganilmaganligi, ular asosida zaruriy chora-tadbirlar belgilanmaganligi, joylarda ta’lim muassasalari, mahalla va boshqa jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning muntazam yo‘lga qo‘yilmaganligi, notinch oilalar, nosog‘lom turmush tarzini kechirayotgan, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar nazoratga olinmaganligi, kuch-vositalar maqsadli yo‘naltirilmaganligi va boshqa sabablarga ko‘ra ayrim turdagi jinoyatlarni o‘sishiga yo‘l qo‘yilganligi tanqid qilindi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklar soni ortgan mahallalar mas’ullarining hisobotlari tinglandi, kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan takliflar bildirildi. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka faqatgina profilaktika inspektori emas, mahalla mas’ullari ham birdek mas’ul ekanlligi bildirildi. Xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ishsizlarning bandligini ta’minlash, notinch oilalar bilan tizimli ishlash kabi choralar bu borada ijobiy natija berishi ta’kidlandi.

Muhokamalar so‘ngida, kun tartibida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ayrim mas’ullarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM