Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan o‘rtacha ish haqi miqdori oshirildi

O‘zbekiston Respublikasida pensiya va nafaqa oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash, pensiya hisoblashda adolat mezonlarini mustahkamlash yuzasidan bosqichma-bosqich choralar ko‘rib borilmoqda.

Jumladan, 2022-yil 1-maydan eng kam pensiya va nafaqa miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdori (500 ming so‘m)ga yetkazildi, yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kam miqdorlari 698 ming so‘mga yetkazildi.

Ma’lumki, pensiya miqdori fuqaroning ish staji va ish haqiga bog‘liq. Yuqori miqdordagi ish haqidan soliq to‘lagan fuqarolarga, Pensiya jamg‘armasiga qo‘shgan hissasiga munosib pensiyalarni hisoblash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-60-son Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobariga oshirilishi belgilangan.

Bunda, pensiya tayinlashda hisobga olingan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln. 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilib chiqiladi.

Misol uchun:

30 yil ish staj va 3 900 000 so‘m o‘rtacha oylik ish haqi olgan erkak kishiga 2022-yilda 1 944 000 so‘m yoshga doir pensiya tayinlangan.

Pensiya hisobi: o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 so‘m)ning 10 baravari (3 240 000 so‘m)dan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 240 000 so‘m inobatga olingan;

Pensiyaning tayanch miqdori  –  1 782 000 so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi - 3 240 000 so‘mning 55 foizi);

Ortiqcha ish staji uchun ustama – 162 000 so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida - 3 240 000 so‘m * 5 %).

Jami pensiya miqdori 1 782 000 + 162 000 = 1 944 000 so‘m

 

Ushbu fuqaroning pensiyasi 2023-yil 1-yanvardan qayta hisob-kitob qilinib, 2 332 800 so‘mni tashkil etadi.

Pensiya hisobi: o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 000 so‘m)ning 12 baravari (3 888 000 so‘m)dan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 888 000 so‘m inobatga olinadi;

Pensiyaning tayanch miqdori  –  2 138 400 so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi - 3 888 000 so‘mning 55 foizi);

Ortiqcha ish staji uchun ustama – 194 400 so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida - 3 888 000 so‘m * 5 %).

Jami pensiya miqdori 2 138 400 + 194 400 = 2 332 800 so‘m.

 

Ya’ni, fuqaroning 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiya miqdori amaldagiga nisbatan 388 800 so‘mga oshadi.

 

Yuqoridagi Farmonga muvofiq, bugungi kunda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln. 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, pensiyasi oshadigan fuqarolarga joriy yilning dekabr oyida SMS xabar yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, pensiyalarning miqdori avtomatik tarzda qayta hisob-kitob qilinib, bunda pensionerlarni Pensiya jamg‘armasiga murojaat etish zaruriyati yo‘q.

 

Hurmatli fuqaro!

Sizga tayinlangan pensiya miqdori oshganligi to‘g‘risida ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz, mazkur telegram bot orqali tekshirib ko‘rishingiz mumkin:

Telegram bot manzili: https://t.me/pensiyauzbot

Shuningdek, o‘zingizni qiziqtirgan savollar bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Ishonch telefoni – 11-40 ga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Ilhom Qilichev

Budjetdan tashqari pensiya jamgarmasi bo'lim boshlig'i o'rinbosari

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM