Maktabning bo‘sh turgan binosida yangi o‘quv markazi ish boshladi

Bulung‘ur tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 2-umumiy o‘rta-ta’lim maktabining eski binosi bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan edi. Bugun mazkur binoda yoshlarga ilm berishni maqsad qilgan o‘quv-markazi o‘z faoliyatini boshladi.

Markazning ochilish tadbirida tuman hokimi Samandar Astonov, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri zamira Aliqulova, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida ta’lim muassasasida “Besh muhim tashabbus” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi, yoshlar tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan tuman hokimi Samandar Astonov bu kabi markazlar o‘zaro raqobat muhitining shakllanishiga va o‘z o‘rnida ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘quv markazi uchun shartnoma asosida 5 ta xona ajratilgan bo‘lib, tadbirkor tomonidan 70 mln. so‘m mablag‘ evaziga xonalar ta’mirlandi va sharoitlar hozirlandi. Markaz rahbariyatining ma’lum qilishicha, markazda ingliz tili, rus tili, kimyo, biologiya, matematika hamda mental arifmetika chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitilishi maqsad qilingan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM