Tadbirkorlar muammolariga yechim topilmoqda

Haftaning chorshanba kunlari Bulung‘ur tumani hokimining tadbirkorlar qabuli o‘tkazilib kelinmoqda. Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi qabulda ham tadbirkorlar va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi fuqarolar o‘z muammolari bilan bevosita tuman hokimi Samandar Astonovga murojaat qilishdi.

Qabul davomida bildirilgan har bir murojaat manfaatdor va mas’ul tomonlar ishtirokida shu joyning o‘zida atroflicha muhokama qilinib, masalaning yechimi yuzasidan aniq to‘xtamlar belgilab olindi.

Xususan, tuman davlat xizmatlari markazi binosida o‘tkazilgan qabulda murojaat qilinganidek, Kattaqishloq mahallasidan Ashurov G‘ayrat tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun auksion orqali 1 sotix yer olgan. Biroq, mazkur yer nizoli bo‘lib, hanuzgacha qurilish ishlari boshlanmasdan kelinmoqda. Murojaat tuman adliya bo‘limi, tuman arxitektura va qurilish bo‘limi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining davlat kadastr palatasi tuman filiali mutaxassislari ishtirokida joyida o‘rganiladigan va har ikki tomonga alternativ yechimlar taklif etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, qabulda tumanning Samarqand mahallasidan G‘anieva Gulnora murojaat qilib, o‘z yashash uyida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yganligini, biroq ichimlik suvi uchun boshqalardan farqli ravishda yuridik shaxs ta’rifida pul to‘lab kelayotganligini bildirdi. Mazkur murojaaga muvofiq, “Samarqandsuvta’minot” Bulung‘ur tuman filiali mutasaddilarining bildirishicha, tadbirkorlik shakli YTTdan oilaviy tadbirkorlikka o‘zgartirilishi zarur. Shunda mazkur tadbirkorning ham imtiyozli ta’riflarda to‘lov qilishi imkoniyati bo‘ladi. Ushbu murojaat bilan tuman maktabgacha ta’lim tashkiloti, “Samarqandsuvta’minot” Bulung‘ur tuman filiali hamda tuman Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilari shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Qabul davomida bildirilgan barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, ijrosi yuzasidan tuman hokimiga ma’lumot kiritilishi belgilandi.

 

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM