Bulung‘ur tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig’i Eshmurodov Sherzod Sindarovichning tuman aholisi va tadbirkorlarga murojaati

Hurmatli soliq to‘lovchilar!

Bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida faoliyat yuritishi ustuvor vazifa etib belgilangan. Xo‘sh, shu o‘rinda “Soliqchi — ko‘makchi” tamoyilining mazmun-mohiyati nimalardan iborat?”, degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy. Eng avvalo, ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanligini tanlab berishimiz zarur. Undan keyingi bosqichda asosiy e’tibor tadbirkorlik sub’ektining oyoqqa turib olishiga, faoliyat ko‘rsatmayotganlarini qayta tiklashga, buxgalteriyasini yuritish, hisobotlarni shakllantirish va topshirish, xullas, nima muammosi bo‘lsa hal etish bo‘yicha ko‘maklashishga qaratiladi.

Bulung‘ur tuman davlat soliq xizmati organlariga II chorak uchun budjet daromadlariga 18.08 milliard so‘mlik reja belgilangan bo‘lib, haqiqatda 18.23 milliard so‘mlik tushum ta’minlandi va prognoz ko‘rsatkichi 101 foizga (156. mln.so‘m ortig‘i bilan) bajarildi.

Belgilangan rejaning ortig‘i bilan bajarilishida har bir tadbirkorlarning muammolarini tushungan holda, ularga yaqin ko‘makchi sifatida ish tashkil qilingani asosiy sabab desam yanglishmayman.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari faoliyati tadbirkorlarni jazolashga emas, aksincha ularga eng yaqin ko‘makchi bo‘lish, ishbilarmon doira vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, faoliyatimizga baho soliq qonunchiligi buzilishi qay darajada kamaygani, tadbirkorlarni ortiqcha sarf-xarajatlardan saqlab qolish, ular duch kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga qarab beriladi.

Faoliyatini boshlayotgan tadbirkor qator muammolarga duch kelishi ehtimoldan holi emas. Ayni jarayonda ularga davlat soliq xizmati organlari xodimlari ko‘makchi bo‘lishi zarur.  

Darhaqiqat soliq xodimi eng avvalo, yangi ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanini tanlab berishimiz zarur.

“Soliqchi–tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida tumandagi  514 ta tadbirkorlik sub’ektlari o‘rganildi. Shundan 293 tasiga ko‘maklashish zarurligi aniqlandi.

Jumladan, dastlabki buxgalteriyani yuritishda 95 ta, soliq qarzi to‘g‘risida ma’lumot berishda 24 ta, soliq rejimini tanlashda 31 ta, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartiblari bo‘yicha tushuncha berishda 42 ta, 5 so‘mlik AOS solig‘idagi mavjud ortiqcha to‘lovni qaytarishda 96 ta soliq soxasiga oid boshqa masalalarda tadbirkorlik sub’ektiga ko‘maklashildi.

Shuningdek, 254 so‘mlik imtiyozli kredit olishda 7 ta, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda tadbirkorga amaliy yordam berildi.

Masalan, “Oktepa Mingchinor omad sado” korxonasiga QQS bo‘yicha xisobotlarni yuborishda xatolik tufayli 45 mln so‘m xisoblangan soliqlarni aniqlashtirilib bu kabi kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy yordam  berildi.

Mamlakatimizda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilgan holda ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4742-sonli qarori bu borada muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tishi murakkab jarayon emas. Jumladan, bu “Soliq” mobil ilovasi yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng matritsali shtrix kod (QR-kod)li guvohnoma beriladi.

Bugungi kunda soliq to‘lovchilarning murojaat va savollariga tezkorlik bilan javob qaytarish maqsadida telegram messendjerida “SoliqMaslahatchilari” (6300 dan ortiq a’zosi bor), “Soliqchi-koʻmakchi Bulung‘ur DSI” guruhlari tashkil qilingan bo‘lib, savol va murojaatlarga tezkorlik bilan javob berib kelinmoqda.

Soliq tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni sizlarga sodda va xalqchil tilda tushuntirishda, ayniqsa, hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Umuman olganda, tuman davlat soliq inspeksiyasida faoliyat yurituvchi barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlar sizlarga ko‘mak berishga har doim tayyor. O‘zlaringizni qiynayotgan muammolar va savollar bilan bemalol murojaat qilishingiz mumkin. Hech bir murojaatingiz nazoratdan chetda qolmaydi va barchasiga birgalikda qonuniy yechim topamiz!

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Sherzod ESHMURODOV,

Bulung‘ur tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM