Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolajonlarga qulay sharoit yaratilmoqda

Ayni kunlarda Bulung‘ur tumani Cho‘yantepa mahallasida 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 150 o‘rinli binosi qurilmoqda. Tuman hokimi Samandar Astonov mahallada bo‘lib, qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Jarayon davomida nazoratchi va quruvchilar bilan suhbatda bo‘lib, qurilish ishlarining sifatli amalga oshirilayotganligi bilan qiziqdi.

 

Bundan tashqari, “Obod qishloq” davlat Dasturi doirasida tumanning Chorbog‘ mahallasi Chorbog‘ qishlog‘ida ham 60 o‘ringa mo‘ljallangan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi belgilangan bo‘lib, ishlar boshlanmoqda. Hokim hududda bo‘lib, bino qurilish ishlarini boshlayotgan quruvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Qurilish ishlarini ko‘zda tutilgan muddatlarda, eng muhimi sifatli bajarish lozimligi ta’kidlandi.

 

Shuningdek qishloqda ichimlik suvi, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, mahalla hududi, aholi xonadonlarini obodonlashtirish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishdi. Mahalla mas’ullari bu borada tashabbuskor bo‘lishi lozimligi, bunda albatta ko‘pni ko‘rgan, xalq hurmat qiladigan nuroniylar maslahati va ko‘magiga tayanish lozimligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM