Murojaatni vaqtida ko‘rib chiqishni qachon o‘rganasiz o‘rtoq rahbar?

Fuqaro qachon davlat organidan norozi bo‘ladi? Qachonki, murojaati vaqtida ko‘rib chiqilmasa yoki mas’ullar sansalorlikka yo‘l qo‘ysagina. Afsuski, aksar hollarda davlat organlari va ularning mas’ullari har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini unutib qo‘yishadi.

 

Xabaringiz bor, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali 170 turdan ortiq davlat xizmatlari markazlashgan tizim orqali ko‘rsatib kelinmoqda. Bundan maqsad fuqaro va tadbirkorlarga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishdir. Biroq, ayrim davlat organlarining mas’uliyatsizligi sabab ko‘plab murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaydi yoki ortiqcha hujjat talab qilish, asossiz rad etish singari qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yiladi. 

 

Masalan, Bulung‘r tuman Davlat xizmatlari markazining 2022-yil 19-yanvardagi fuqaro G‘.Xujoyarovning ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini ajratish to‘g‘risidagi so‘rovnomasi Bulung‘ur tumanidagi ariza beruvchilarni ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholovchi tashkilotlarga, jumladan Bulung‘r tuman Davlat soliq inspeksiyasiga (keyingi o‘rinlarda inspeksiya deb yuritiladi) yuborilgan.

 

Ushbu so‘rovnoma inspeksiya boshlig‘i tomonidan ijro uchun katta inspektor B.Bekmuradovga yo‘naltirilgan. Biroq, B.Bekmuradov ushbu so‘rovnoma bo‘yicha ariza beruvchi soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, turar joyda ijara shartlari asosida yashashi hamda ariza beruvchi va ushbu Nizomning 16-bandida keltirilgan shaxslarning (arizada ko‘rsatilgan holatlarda) daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni 7 kunga kechiktirib, 2022-yil 9-fevral kuni tasdiqlagan.

 

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 15-bandida, Mas’ul tashkilotlar o‘n ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini, taqdim etilgan hujjatlar asosida, tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqishi va YIDXPda onlayn elektron shaklda ma’lumotlarni tasdiqlashi belgilangan.

 

Xuddi shu kabi holatlar, inspeksiya katta inspektori B.Bekmuradov tomonidan Davlat xizmatlari markazi va YaIDXP orqali inspeksiyaga kelib tushgan shu kabi 20 dan ziyod so‘rovnomalarni muddati kechiktirilib ijrosi ta’minlangan. Ushbu harakatlari bilan Bulung‘ur tuman davlat Davlat soliq inspeksiyasi katta inspektori  B.Bekmuradov  yuqorida keltirilgan Nizom talablarini buzgan.

 

Tahlillarga ko‘ra, 2022-yilning o‘tgan 3 oyi davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida vakolatli organlar tomonidan 3250 ta qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Shundan, 2421 ta holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 821 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 8 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. 2021 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3 589 tani tashkil qilgan edi.

 

Mazkur yo‘nalishda “Hududgaz Samarqand”, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari, Davlat soliq idoralari, Sog‘liqni saqlash muassasalari, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ  singari bir qator tashkilotlar afsuski, yetakchiligicha qolmoqda.

 

Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha vakolatli idoralar rahbarlari nomiga 6 ta taqdimnoma va 718 ta ogohnomalar kiritilib, 54 nafar aybdor shaxslar ma’muriy va 6 nafari intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.

        

Bugun “inson qadri” degan yuksak tamoyil ilgari surilmoqda. Unga hamohang tarzda odamlar taqdiri bilan yashab, ularning manfaatlarini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etib borayotir. Demak, bizni ham ushbu tashabbusga qo‘shiladigan vaqtimiz allaqachon keldi. Shuni unutmaylikki, murojaati natijasini kutib sarg‘ayyotgan ko‘ngillar orasida o‘zimizning ham yaqinlarimiz bo‘lishi mumkin. Va bu bizning jamiyatga salbiy ta’sir etishi kundek ravshan.

 

Mansur HASANOV,

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati rahbari

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM