Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunga kiritilgan o’zgartishlar yuzasidan targ’ibot tadbiri o’tkazildi

Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi N.Tursunova tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 2 fevraldagi “Intellektual mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’RQ-749-sonli qonunning mazmun mohiyatini keng ommaga targ’ib etish maqsadida Bulung’ur tuman fermerlar kengashi binosida tadbir o’tkazildi.

Tadbirda kengash va buxgalteriya markazi xodimlari, fermer xoʻjalik raxbarlari va fuqarolar ishtirok etishdi.

Qonun bilan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga qoʻshimchalar kiritildi. Unga koʻra, Sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.

Shunga asosan, tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomilasiga boshqa yoʻsinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solinishi mumkin. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi. Jarima summasi miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi.

Qonun bilan “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, barcha yuridik yoki jismoniy shaxs oʻz nomiga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin (ilgari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslar).

Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.

Shunga koʻra, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bundan tashqari, “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunda Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi mustahkamlandi.

"Advokatura toʻgʻrisida"gi Qonuniga kiritilgan oʻzgartirishlarga ko`ra advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazish endi davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari sud raisi ishtirokchilar tomonidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar berdi.

N.E.Tursunova,

Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM