Bulung‘ur tumanida o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, hududlarda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ishlar olib borilmoqda. Xususan, Bulung‘ur tumanida ham bu borada amaliy ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, endilikda mazkur jarayonlar ko‘lamini kengaytirish re’ja qilinmoqda.

Shu maqsadda bugun Samarqand viloyati O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Jamalov Ziyadullaxon Bulung‘ur tumaniga taklif etildi. Tuman hokimi Samandar Astonov bilan bo‘lgan muloqot davomida Bulung‘ur tumanida O‘rmon xo‘jaligi bo‘limini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Muloqot davomida ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan mazkur taklifning amalga oshirish mexanizmi hamda talablari muhokama qilinib, zaruriy vazifalar kelishib olindi.

 

Xususan, tumanda tashkil etiladigan O‘rmon xo‘jali ko‘chatchilik va dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashadi. 50 gektar atrofidagi hududda ko‘chatchilik markazi tashkil etilib, ushbu ko‘chatlardan tuman hududida o‘rmon barpo etishda, shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlari va zarur hollarda aholiga berishda ham foydalaniladi.

Shuningdek, tuman hududida o‘rmon barpo etish uchun bugungi kunda 2-3 ming gektar tog‘ oldi yaylov va bo‘z yerlaridan, ziravorlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish maqsadida 200 gektargacha lalmi yerlar ajratilishi re’jalashtirildi.

 

Ma’lumot uchun, mazkur re’ja amalga oshishi 50 nafardan 70 nafargacha bo‘lgan fuqarolarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, asosiysi tumanimiz iqlimiga ham bevosita ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM