Munosabat: Sudning hali kuchga kirmasidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan hal qiluv qarorlari yuzasidan jarayonlar davom etadi

“Zarafshon” gazetasining “Zarnews.uz” veb-saytida Fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar tuman hokimligi tomonidan qoplanadi nomli maqola e’lon qilindi. Unda biznes-ombudsmanning Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi natijasida Bulung‘ur tumani hokimligining hisobidan fermer xo‘jaliklari foydasiga 377 million so‘mlik mablag‘ni yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida undirilishi belgilanganligi bayon qilingan.

Avvalo, mazkur ma’lumotni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishiga kim yoki kimlarning va albatta, nima sababdan shoshilganligi qiziq? Sababi, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarorlari 2022-yil 6-fevralda qonuniy kuchga kirishi belgilangan. Ya’ni, qaror hali kuchga ham kirib ulgurmagan. Qolaversa, sudning qaroridan norozi bo‘lgan taraf Samarqand viloyati iqtisodiy sudining appelyatsiya instansiyasiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritilishi mumkin. Mazkur sud tomonidan qanday qaror qabul qilinishidan qat’iy nazar taraflardan biri belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida murojaat qilishi mumkin. Ish mazmunan to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilgach, Oliy sudning chiqargan Qarori natijasida ushbu nizo predmeti bo‘lgan kompensatsiya yetkazilgan zararlar mavjud bo‘lsa, Qonunda belgilangan tartibda to‘lab berilishi mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, tuman hokimligi tomonidan Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining yuqoridagi qarorlari yuzasidan Samarqand viloyati iqtisodiy sudining appelyatsiya instansiyasiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritiladi va buning uchun yetarli asoslar mavjud.

Avvalo, da’vogarlarning umumiy da’vo muddati o‘tib ketgan. Sudning hal qiluv qarorlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash talablarida ham tegishli tumanlar hokimliklari tomonidan moddiy zarar qoplanishi belgilangan bo‘lsada, ular tomonidan hech qanday harakatlar amalga oshirilmagan” deb qayd etilgan. Vaholangki, bu ish sudda ko‘rib chiqilayotgan paytda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori 2020-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotgan edi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ning 86-moddasi talablariga ko‘ra, “Zararlarning o‘rnini qoplash olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari o‘ziga ajratib berilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan shuningdek, faoliyati yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilari hamda mulkdorlarining huquqlari cheklanishiga yoki yaqin atrofdagi yerlarning sifati yomonlashuviga olib borgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tegishliligi bo‘yicha Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘arma mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qonunchilikda belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi”, deb qayd etilgan.

Yuqoridagi maqolada keltirilgan va Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rilgan holatlarda so‘z yuritilgan yerlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-maydagi 413-sonli “Samarqand viloyatida Bulung‘ur suv omborini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi “Samarqandsuvqurilishinvest” Davlat unitar korxonasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan.

Shu o‘rinda e’tibor qaratish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ning 87-moddasi 3-qismiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni yer uchastkalari suv xo‘jaligiga meliorativ obyektlar va gidrotexnik inshootlar qurilishi uchun ajratilganda qoplanmasligi ham belgilab qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur nizoli holatlar yuzasidan sud jarayonlari hali davom etadi. Yakuniy xulosa qabul qilinmasidan turib holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot tarqatish qanchalik to‘g‘ri ekanligini betaraf tomon: ommaviy axborot vositalari yana bir bor o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM