Bulung‘urlik bolajonlar qalbiga quvonch ulashildi

O‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq. Bolaning begonasi bo‘lmaydi, deganlaridek, yangi yil bayrami ham barcha bolajonlar uchun birdek quvonchli kun bo‘lib qolishi zarur. Bu borada Bulung‘ur tumanida ham amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Bugun tumanda 21 nafar boquvchisini yo‘qotgan bolalar va Ichki ishlar tizimida xizmat qilib, xizmat chog‘ida halok bo‘lgan oilaning 3 nafar farzandlari, jami 24 nafar bolalar uchun "Prezident archasi" bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bir piyola choy ustida tashkil etilgan bayram dasturi davomida tuman hokimligi madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert, “Shapito” bolalar sirk jamoasining chiqishlari, tumandagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining chiqishlari namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugun yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida bola huquqlarini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida so‘z yuritishdi.

Tadbir davomida tumandagi 16 ta mahalladan kelgan 3-15 yosh oralig‘idagi 24 nafar bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” hamda sektor rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan qishki kiyimlar jamlanmasi topshirildi.
Bayram dasturi kuy va qo‘shiqlar bilan bolajonlar qalbiga quvonch ulashdi.
Yangi yil bayraming muborak bo‘lsin, bolajon!

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM