“Yangi O‘zbekiston” massivi loyihasi joyiga chiqqan holda muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-32-sonli farmoniga asosan 2022-2024 yillarda Bulung‘ur tumanining G‘o‘bdin mahallasi hududidan “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishi rejalashtirilgan. Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov mazkur massivda qurilishi rejalashtirilgan obyektlarning reja taklifi bilan joyiga chiqqan holda tanishdi. Massivda qurilishi rejalashtirilgan har bir ob’ekt bo‘yicha soha mas’ullari ishtirokida maslahatlashib, ularning ham fikrlari, takliflari olindi.

Shuningdek, mazkur hududa joriy yilda ko‘p qavatli uy-joylar qurish bilan shug‘ullanayotgan qurilish firmalari rahbarlari bilan suhbatda bo‘lib, dastlab qanday muammolari borligi bilan qiziqdi. Shundan so‘ng qurilish jarayonlarining sifatini ko‘zdan kechirib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan joyida ko‘rsatmalar berib bordi. Xususan, avtoturargoh, maishiy chiqindi tashlash joylari ham aholi uchun qulay holda joylashtirilishi lozimligini ta’kidladi. Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning elektr, gaz, kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishi masalalari kommunal soha rahbarlari ishtirokida muhokama etildi.

Ma’lumot uchun, massivda 2022-2024 yillarda jami 28 gektar yer maydonida 53 ta 5 qavatli 20 xonadondan iborat jami 1 ming 30 ta xonadonga mo‘ljallangan turar-joy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu massivda 3 ta 400 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta 2 ming 112 o‘rinli umumta’lim maktabi, 1 ta 110 o‘rinli mehmonxona, 1 ta IIB tayanch punkti, 1 ta istirohat bog‘i, 1 ta poliklinika, 5 ta sport kompleksi, 1 ta kovorking markazi, 1 ta jom’e masjidi hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi nazarda tutilgan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM