"Kasblar oyligi" loyihasi doirasida o‘quvchilar xizmatlar sohasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi

So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim tizimida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, mazkur tizimga nisbatan munosabat o‘zgardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari bilan bir qatorda ularni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha yangi g‘oya va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

 

Bu borada Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ham bir qator amaliy ishlar qilinmoqda. Maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida yirik zavodlar, ishlab chiqarish majmualari. sanoat karxonalari, monomarkazlar, qishloq xo‘jaligi ob’ektlari, oliy ta’lim muassasalariga sayohatlar tashkil etilmoqda.

Xususan, joriy yil 18 dekabr kuni tumandagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lmish "MAN AUTO" MChJ zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishishgan edi. Joriy yilning 21-dekabr kuni esa Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari "Kasblar oyligi" loyihasi doirasida xizmatlar sohasini o‘rganish maqsadida Samarqand shahridagi "Bibixonim" mehmonxonasiga va "Zargaron" restoraniga sayohat qilishdi. O‘quvchilar sayoxat davomida mehmonxona va restoran faoliyati bilan yaqindan tanishib, sohaning o‘ziga xos sir-asrorlaridan boxabar bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar. Aytish mumkinki, sayohat o‘quvchilarda turizm sohasiga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqri, o‘quvchilar Samarqand shahridagi "Koni gil" turizm qishlog‘ida bo‘lishib, qadimiy va bebaho Samarqand qog‘ozining ishlab chiqarilishi jarayoni bilan tanishdilar hamda navqiron Samarqandning bebaho madaniy me’rosi tarixi haqida aniq tasavvurlarga ega bo‘lishdi.

 

Ta’kidlash lozimki, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan bu kabi amaliy loyihalar kelgusida ham izchillik bilan davom ettirib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular yoshlarning kasb-hunar tanlashlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM