Fermerlarni qanday muammolar qiynamoqda?

Bulung‘ur tuman hokimligi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor qabulda yuqoridagi savolga javob va uning yechimlari izlandi. Sayyor qabul Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Bekturdi Quvvatov hamda tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdumutallib Rizaev raisligida o‘tkazildi.

 

Masalaga aloqador soha rahbarlari hamda tumandagi fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari ishtirok etgan qabul davomida fuqarolarning murojaatlari tinglandi, qishloq xo‘jaligi sohasida uchrayotgan muammoli masalalar muhokama qilindi.

Xususan, qabul davomida eksportyor korxonalar tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i ham dehqonlarning zimmasiga yuklatilayotganligi, ushbu yukni ular o‘z zimmasiga olishlari lozimligi ta’kidlandi. Ushbu masalaga javoban O‘zbekiston dehqon, fermer va tomorqa yer egalari tuman Kengashi raisi Asliddin Po‘latov bu borada fermerlar manfaatlarini himoya qilib sudga ham da’vo arizasi kiritilganligi, biroq sud qarori fermerlar foydasiga hal bo‘lmaganligini ma'lum qildi. Masalaning ijobiy yechimi sifatida belgilangan qonun normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligini bildirildi.

Shuningdek, banklar tomonidan fermer xo‘jaligi raisining ruxsati va xabari bo‘lmagan tarzda uning hisob raqamidagi mablag‘lar boshqa hisob raqamlarga o‘tkazib yuborilayotganligi kabi holatlar uchrayotganligini ma’lum qilishdi. Boshqarma boshlig‘i B.Quvvatov ushbu murojaat qo‘shimcha o‘rganilishi, agar mazkur holatlar o‘z tasdig‘ini topsa, yuqori turuvchi idoralarga yozma ma’lumot va taklif kiritilishini ma’lum qildi.

Qabul yakunida qishloq xo‘jaligi vakillari uchun bu kabi uchrashuvlar tez-tez tashkil etib borilishi maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM