Tadbirkor - elga madadkor

Tadbirkorlar himmati bilan qishloqlarimiz obod maskanga aylanib bormoqda. Ana shunday tadbirkorlardan biri elimiz obodligi, turmushimiz farovonligi  uchun jon kuydirayotgan “Gulzor” mahallasi fuqarosi Sanjarbek Mamanovdir. U mahalla aholisiga qulaylik yaratish maqsadida savobli ishga qo‘l urdi. Davlatimiz rahbarlari tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib yaqinda mahalla markazida qolipli non ishlab chiqarish sexini ishga tushirdi.

 

         - Yosh tadbirkorlaridan biri Sanjarbek Mamanov mehnatsevarligi, jonkuyarligi bilan mahallamiz fuqarolarining hurmatiga sazavor bo‘lgan ajoyib inson, - deydi “Gulzor” MFYraisi Abdusalom Ernazarov. - U mahalla oqsoqollari maslahati va bevosita yordamida  tumanimizdagi "Agrobank"dan 29,5 million so‘m kredit olib ishga kirishib ketdi.

- Shu kredit asosida Rossiya va Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob uskunalar, qolipli non pishiradigan pechlar sotib oldik, - deydi tadbirkor Sanjarbek Mamanov. - Non ishlab chiqaradigan sex ishga tushgach oila a’zolarimizning hammasi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Tadbirkorning onasi Lola opa,  ukasi Sardorbek va turmush o‘rtog‘i Umidaxonlar pishirayotgan qolipli nonlar aholiga manzur bo‘lmoqda.

- Tadbirkor o‘g‘limiz Sanjarbekning tashabbusi bilan hammamiz ishli bo‘ldik, -deydi Lola opa. - Ayni paytda kuniga 650-700 dona  ishlab chiqarayotgan qolipli  buxanka nonlar mahallamizdagi 2 ta oziq-ovqat do‘konlarida aholiga sotilmoqda. Shuningdek, 2 ta MTM va 1 ta oshxonaga tarqatib berilmoqda.

- Buxanka nonlarni sog‘inibmiz, - deydi Yangi Erganakli qishlog‘ida yashovchi 65 yoshli fuqaro Erkin bobo. - Shu ishni yo‘lga qo‘ygan Sanjarbekning otasiga ming rahmat. Har zamonda ko‘nglimiz tusaganda buxanka non uchun erinmay tuman markaziga borib kelardik. Tadbirkor tashabbusi bilan endi bu nonlar o‘zimizda pishiriladigan bo‘ldi. Bundan mahallamiz, qishlog‘imiz aholisi nihoyatda mamnun bo‘lishdi.

 

Rabbim HOTAMOV

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM