Bulung‘urda qancha bemorda virus aniqlangan, emlash jarayonlari qay holatda?

So‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasining yana avj olishi ortidan o‘z faoliyatini to‘xtatgan taqsimlash markazlari yana bemorlar gavjum bo‘la boshlagani tashvishlanarli hol, albatta. Birgina 5-7 avgust kunilari Samarqand viloyatida 986 ta kasallanish holati qayd etilgan. Xususan, Bulung‘ur tumanida ayni kunlarda 51 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ular bilan 175 nafar kishi yaqin muloqotda bo‘lganligi aniqlangan. Virus tobora avj olayotgan shunday bir pallada vaksinatsiya agona najot ekanligi bugun hech kimga sir emas.

Bugun erta tongdan tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan muhokamada Bulung‘ur tumanida aholini koronavirusga qarshi emlash borasida olib borilayotgan ishlar holati muhokama etildi. Tuman hokimining o‘rinbosarlari A.Hazratqulov hamda A.Buriboevlar raisligida olib borilgan yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Bulung‘ur tumanida 18 yoshdan oshgan va emlanishi mumkin bo‘lgan aholi soni 92 840 nafarni tashkil etadi. Shundan bugungi kunga qadar 35 838 nafar aholi virusning 1-dozasi bilan emlangan. Xususan, 8 avgust kuni, ya’ni bir kunda 2 221 kishi emlangan. Emlashlar davomida aholining tanloviga ko‘ra Moderna hamda ZF-UZ-VAK 2021 vaksinalaridan biridan foydalanilmoqda.

Muhokamalar davomida virusga qarshi emlash borasida ishlar sust ketayotgan mahallalarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘chma mobil brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda tumanda 22 ta tibbiyot punktlarida virusga qarshi emlash ishlari tashkil etilgan bo‘lib, emlanish uchun o‘zingizga yaqin masofadagi tibbiyot punktiga murojaat qilishingiz mumkin.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM