Bulung‘urning boy tarixiy madaniyatini dunyoga ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda

Yurtimizda boy madaniy merosimizni o‘rganish, ularni asrab-avaylagan holda kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek butun dunyoga namoyon etgan holda, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Madaniy meros agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Botir Shaymatov Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonovning taklifiga ko‘ra soha mutaxassislari hamrohligida tumanimizda bo‘ldi.

 

Dastlabki manzil tuman markazida joylashgan va bir vaqtlar cherkov sifatida foydalanilgan, madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga olingan tarixiy bino bo‘ldi. Dastlabki mulohazalarga ko‘ra, binoning tarixiga aniqlik kiritish maqsadida arxiv hujjatlari o‘rganiladigan, shundan keyin binodan muzey sifatida foydalanish hamda sayyohlarni keng jalb etish chorasi ko‘riladigan bo‘ldi.

Shuningdek, tumanning Olmazor mahallasidagi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan eski suv qudug‘ini madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

 

Bundan tashqari, tumanimizda joylashgan “Sheroz” harbiy qal’asi hududida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, kelgusi vazifalar muhokama qilindi. Xususan, hududda arxeologik qazishma ishlari davom ettirilishi, qal’a atrofidan o‘tgan “Bulung‘ur” arig‘i ustidan Temuriylar davri arxeologiyasi asosida ko‘prik qurilishi, o‘sha davrga mansub eski ko‘prik hamda hududdagi buloqlar atrofi ochilib, sayyohlarga qulaylik yaratilishi, obodonlashtirish ishlari olib borilishi belgilandi.

Bundan tashqari, kelgusida tumanning o‘lkashunoslik muzeyini ham tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilib, vazifalar belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM