Bulung‘urda yerlari olingan tadbirkorlarga kompensatsiya berilmagani rostmi?

“Milliy” telekanali “Millar” dasturida Bulung‘ur tumanida 17 nafar tadbirkorlarning yerlari hokimiyat tomonidan olib qo‘yilgani, lekin haligacha tadbirkorlarning olib qo‘yilgan yerlari uchun boshqa yer yoki kompensatsiya berilmagani haqida so‘z yuritilgan.

 

Holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:

Samarqand viloyati arxitektura va qurilish Bosh boshqarmasi shaharsozlik kengashining 2012-yil 21-apreldagi 3-sonli bayonnomasi bilan tuman markazini qayta rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Samvilloyiha Servis” MChJ hamda “Parviz proekt Servis” MChJ tomonidan tomonidan tayyorlangan loyiha takliflari ma’qullangan.

Shunga ko‘ra, tuman hokimining 2013-yil 25-sentabrdagi 662-Q sonli qarori bilan 34 nafar fuqarolarga “Buyum bozor” savdo kompleksidan qurilish maydoni uchun yer ajratib berilgan.

Demak, videolavhada aytilganidek, tadbirkorlarga boshqa yer yoki kompensatsiya berilmaganligi haqidagi iddaolar mutlaqo asossizdir.

 

Keyinchalik, tuman hokimining 2015-yil 6-fevraldagi 119-Q sonli Qarori bilan “G‘ulomjon” xususiy firmasiga turg‘un savdo nuqtalari hamda Sohibkor ko‘chasi yonidan 0.20 ga. maydonda avtomobillar to‘xtash joyi barpo qilishga ruxsat berilgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda “G‘ulomjon ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish” xususiy firmasi tomonidan hududda yengil konstruksiyali savdo shaxobchasi qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tumani hokimligi tomonidan Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Unda hududda qurilayotgan 144 kv/m. hamda 39 kv/m.dan iborat ikkita yengil konstruksiyali savdo do‘konlarini javobgar tomonidan majburiy tartibda buzdirish so‘ralgan. Sudning joriy yil 27-oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan tuman hokimligining da’vo arizasi qanoatlantirishdan rad etilgan.

Bugungi kunda tuman hokimligi tomonidan tadbirkor qo‘lidagi ruxsat berish mazmunidagi hujjatlarni qonunga nomuvofiq tarzda berilgan va haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilishi belgilangan.

Bir so‘z bilan aytganda, tuman hokimligi tomonidan mazkur avtoturargoh hududida qo‘shimcha qurilishlarning oldini olish borasida barcha qonuniy harakatlar amalga oshirilmoqda va bugungi kunda jarayon davom etmoqda.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM