So‘nggi pushayman – o‘zingga dushman...

Bulung‘ur tumani Fozil Yo‘ldosh mahallasida bir jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada tuman hokimi S.Astonov, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor I.Salimov, tuman DXX bo‘linmasi mas’ul xodimi, Fozil Yo‘ldosh, Bo‘dana, Erganakli mahallalari mas’ullari, fuqarolari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda voqea “qahramon”lari ishtirok etishdi.

 

Dastlab yig‘ilganlarga muhokamaga sabab bo‘lgan voqea tafsilotlari ochiqlandi. Ma’lum qilinishicha, voqea shu yilning 16-iyul kuni tungi soat 22:55 da sodir bo‘lgan. Gumon qilinuvchi, 1989-yilda tug‘ilgan U.G‘.T. Bo‘dana mahallasida joylashgan oshxonalarning birida spirtli ichimlik istemol qilib, o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan N.K.A. bilan janjallashib qoladi. Janjal davomida ularni ajratishga uringan, jabrlanuvchi, 1999-yilda tug‘ilgan G‘.I.A.ga shisha bakal bilan og‘ir tan jarohati yetkazadi.

Muhokama davomida ushbu voqeaga olib kelgan omillar tahlil qilindi. Tomonlarning, mahalla nuroniylari, faollarning fikrlari tinglandi. Gumonlanuvchi sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanligini bildirdi. Ammo, endi bunga sud hukm chiqaradi. Kelgusida bu kabi ko‘ngilsiz hodisalarning takrorlanmasiligi uchun mas’ullar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, bunda keng jamoatchilikning o‘rni muhokama qilindi.

Shuningdek, jarayon davomida tuman IIB mas’ullari tomonidan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan yo‘lga qo‘yilayotgan yangicha ishlash tizimi yuzasidan ma’lumot berildi. Bunda mahalla “beshligi”ning vazifalari aniq belgilangan bo‘lib, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan alohida, tizimli ishlar olib boriladi.

Bundan tashqari, tuman DXX bo‘linmasi mas’ul xodimi psixotrop dori vositalari savdosining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar, ushbu jirkanch illat to‘riga aralashib qolgan kimsalarning keyingi taqdiri to‘g‘risida hayotiy misollar bilan ma’lumot berib, barchani yana bir bor ogohlikka chorladi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM