“Ko‘knori” oshuftasi jazosini oldi

Tamara xola (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) uchun sudning “qora kursi”si begona emas. Negaki u kishi so‘nggi o‘ttiz yil ichida bir emas, naq to‘rt marta shu kursiga o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan. Bu galgisi esa beshinchisi. Qizig‘i shundaki, barchasida sabab o‘z yashash hovlisida muntazam ravishda qonun bilan ta’qiqlangan, tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan “Ko‘knor” giyohvandlik o‘simligini yetishtirib, iste’mol qilib kelganligi.

 

Bu yil 75 yoshni qarshilagan 7 nafar farzandning onasi, o‘nlab nevaralarning buvijonisi Tamara xola ayni farzandlar ardog‘ida, nevaralar qurshovida umrguzaronlik qiladigan paytda “qora kursi”da o‘tirganiga ham pushaymon emasdek, go‘yo. Aks holda shunday nuroniy yoshda bunday qing‘ir ishga qo‘l urmagan bo‘lardi.

 

Ta’qiqlangan ekinlarni yetishtirishganligi uchun bir necha bor sudlangan Tamara xola bu yil ham erta bahorda, borliq uyg‘onayotgan paytda, bobodehqonlar yerga urug‘ qadayotganda nevarasini yoniga olib, hovlidagi bir parcha joyni chopiq qilib, yerga urug‘ qadashga kirishdi. Xola nevarasiga urug‘larni qay holatda ekilishini ko‘rsatib turdi. Hech narsadan bexabar nevarasi hovliga anvoyi gullar ekilayotganidan xursand holda jon-dili bilan buvisining aytganlarini so‘zsiz bajarardi. Ortib qolgan gul urug‘laridan yettitasini xola gultuvaklarga o‘tqazdi. Aslida ekilgan bu gul urug‘lari giyohvandlik vositasi sanalmish “Ko‘knor” urug‘lari ekanligi faqatgina Tamara xolaga ayon edi.

 

Mehr bilan parvarish qilingan “Ko‘knor” giyohvandlik o‘simligi ayni gullash paytida tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tekshiruvi davomida Tamara xolaning yashash uyi hovlisida 530 tup va 7 tupi gultuvaklarda  parvarish qilinayotganligi aniqlandi.

 

Sud hay’ati, sudga oid narkologik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra T. Turdievada opiyli giyohvandlik belgilari mavjudligini, JKning 96-moddasida ko‘zda tutilgan majburiy davolash choralari 60 yoshdan oshganligi sababli qo‘llanilmaslik lozimligi ko‘rsatilganligi bois, unga nisbatan majburiy davolanishni belgilamaslikni va ushbu masalani hukmning qaror qismida qo‘shimcha ravishda ko‘rsatib o‘tmaslikni lozim topdi.

 

Sud, sudlanuvchi T. Turrdievaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 270-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

 

To‘lqin Sherboyev

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM