Bulung‘urlik nuroniylar azim Buxoroga sayohat qilishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori Bulung‘ur tumanida ham amalda o‘z isbotini topmoqda.

Mazkur qaror asosida tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash  bo‘limi mutasaddilari boshchiligida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida ko‘p yillar davomida elimizning faravonligiga, yurtimiz tinchligiga, davlatimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, ayni paytda yoshlarning tarbiyasiga katta hissa qo‘shayotgan 50 nafardan ortiq faxriy nuroniylar azim Buxoro shahriga sayohatda bo‘lishdi.

Nuroniylar katta yo‘lga chiqishdan oldin tumanimizdagi “Amir Hamza” jome masjidida bomdod namozini o‘qib, jannatmonand yurtimizning osoyishtaligi, tinchligi va obodligi uchun duo qilishdi. 

Sayohat davomida Gid-tarjimon Nozimjon Abduqodirov nuroniylarni diqqatga sazavor joylar bilan tanishtirib bordi. Samarqand-Buxoro yo‘nalishidagi katta avtomagistral yo‘lida avtobus derazalaridan yon atrofni tomosha qilib borayotgan nuroniylar ulkan o‘zgarishlar, obodonchiliklar, osmono‘par chiroyli va hashamatli binolar ko‘rinishidan zavq olishib, miriqib suhbatlashib borishdi. 

Nuroniylarimiz Buxoro viloyatidagi 7 ta ziyoratgohlarda bo‘lishdi, pirlarimiz qabrlarini ziyorat qilishib, duoga qo‘l ochishdi. 

Sayohat davomida nuroniylar Buxoro viloyatining tumanlaridagi ulkan o‘zgarishlar bilan tanishdilar. Buxoro shahrining diqqatga sazavor joylarini tomosha qilishdi. Buxoroning mashhur “Labi hovuz”i atrofida miriqib dam olishib, bir piyola “ko‘k choy” bahona shirin suhbat qurishdi. Ziyoratchilar Buxoroning mashhur restoranlaridan biri “Gulchiroy”da tushlik qilishdi. Sayohatchilar uchun har tomonlama qulaylikka ega bo‘lgan “Karavan” mehmonxonasida miriqib dam oldilar.


Ikkinchi kuni nuroniylarimiz kundan-kunga chiroy ochib borayotgan Buxoro shahrini tomosha qildilar. Shaharda mahalliy mehmonlar va xorijiy turistlar bilan gavjum ko‘chalarida piyoda yurib, mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun yaratilgan diqqatga sazovor joylarni tomosha qildilar.

– To‘g‘risini aytsam azim Buxoro shahri nihoyat darajada go‘zal shaharga aylanibdi, - deydi Xo‘jamazgil mahallasi fuqarosi O‘roqboy Davurov. - Bu yerlarga yoshligimda bir kelgan edim. U paytlarda shahar ko‘chalari tor va qorong‘i tosh yo‘llardan iborat edi. Bugungi Buxoro shahrining jamoli meni lol qoldirdi... 
–Men Buxoro shahriga ziyoratga kelishdan oldin o‘zimizning ko‘hna va hamisha novqiron Samarqand shahridagi va tumanlaridagi ziyoratgohlarni oilamiz a’zolari bilan ziyoratga borib kelgan edik, - deydi Saxovat mahallasi fuqarosi, mehnat faxriysi, xalq ta’limi a’lochisi To‘ychiboy G‘apporov. - Azim Buxoro shahri ziyoratidan olam-olam taassurotlarga ega bo‘ldim. Bu haqida qarindoshlarimga, qo‘shnilarimga, tanish-bilishlarimga maroq bilan gapirib beraman.

Fursatdan foydalanib biz nuroniylarga mana shunday ajoyib sharoitlar yaratib bergan viloyat mahalla va nurniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va viloyat nuroniy jamg‘armasi rahbarlariga, tuman hokimi Samandar Astanovga, tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limining nuroniylar masalalari bo‘yicha  maslahatchisi Ochil  Axmedovga va beg‘araz yordam bergan bag‘ri keng homiylarga nuroniylar nomidan chuqur minnatdorchilik bildiramiz.
 

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM