Xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashining navbatdagi sakson beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya tuman Kengashi kotibiyati mudiri A.Shokirov raisligida o‘tdi. Unda tuman Kengashi deputatlari, kun tartibidagi masalalarga aloqador mas’ullar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab sessiya kun tartibida jami 8 ta masala ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, hisobot beruvchi mas’ullarning shaxsan ishtirok etmaganligi sababli, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i I.Salimovning 2023-yil 2-chorak davomida tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-sonli va 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-sonli qarorlarining ijrosi bo‘yicha tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Rizayevning hisoboti ko‘rilmasdan qoldirildi.
Sessiya kun tartibida tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlarining 2023-yil 2-chorak davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-39-sonli qororining tumandagi ijrosi to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Ibragimovning hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Кadastr agentligi Samarqand viloyat boshqarmasining 2023-yil 9-fevraldagi 02-487-sonli taqdimnomasining muhokamasi to‘g‘risidagi, tuman mahalliy budjetining 2023-yil 2-chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismidan mablag‘lar ajratish to‘g‘risida va tuman “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi hamda viloyat prokuraturasining 2023-yil 17-iyuldagi “Deputatni deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum qilib, ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish haqida”gi taqdimnomasi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Sessiya kun tartibida ko‘rilgan masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.