Alohida toifadagi yoshlar muammolari o‘rganildi: ular bilan individual tarzda ishlanadi

Joriy yil 11-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratilganligi, endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi ta’kidlangan edi.

Mazkur yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Bulung‘ur tumanida ham zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, tuman sektor raxbarlari va ularning o‘rinbosarlariga, shuningdek tegishli tashkilot raxbarlariga davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj bo‘lgan 1714 nafar yoshlar biriktirildi. Shundan 85 nafari tuman hokimi Samandar Astonovga biriktirilgan bo‘lib, bugun tuman hokimining mazkur yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tumandagi 5 maktab faollar zalida o‘tkazilgan uchrashuvga shu hudduddagi yoshlar va mas’ullar taklif etildi.

Uchrashuv avvalida bugun yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, yoshlar va ularning ota-onalari bilan individual suhbatda bo‘linib, muammo va takliflari tinglandi. Bildirilgan fikrlarning aksariyati yoshlarning bandligini ta’minlash masalasida bo‘lib, bunda ularning yoshi, jinsi, qiziqishi, jismoniy sog‘lig‘i, oilaviy sharoitidan kelib chiqqan holda yondashinilishi belgilab olindi.

Bildirilgan murojaatlarning barchasi ro‘yxatga olinib, tegishli mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Bu kabi uchrashuvlar mazkur yoshlar hayotda o‘z o‘rnini topib ketgunlariga qadar muntazam o‘tkazilib borilishi ma’lum qilindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM