Oqtosh mahallasini obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda

Bulung‘ur tumanining olis hududlaridan bo‘lgan Oqtosh mahallasini obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda mahallaning Sho‘rbedana qishlog‘ida seminar tashkil etildi. Tadbirda tuman sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi, masalaga aloqador tashkilot va muassasalarning rahbarlari, mahalla aholisi, nuroniylar ishtirok etishdi.

 

Dastlab, boshlanayotgan yangi ishlar muvaffaqiyatli bo‘lishi so‘ralib Qur’on tilovat qilindi. Bir jonliq qurbonlik qilinib, hasharchilarga doshqozonda osh damlandi.

Tadbir davomida mahallani obod qilish borasida mas’ul tashkilotlarning vazifalari tushuntirildi. Bu jarayonda aholi tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan obodonlashtirish ishlari, ariqlarni qazish, tomorqaga ekin-tekin ishlarini boshlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

 

Shuningdek, tuman hokimi Samandar Astonov hamda Xalq qabulxonasi mudiri Sherzod Narmatovlar qishloqdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan bir qancha aholining yashash xonadonlarida bo‘lishdi. Uy egalari bilan suhbat davomida ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur murakkab vaziyatdan chiqib ketishlarida ko‘riladigan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, tuman hokimi mahalladagi 26- hamda 30-maktablarda bo‘lib, kitobxon o‘quvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Har bir maktabning kutubxona fondiga 100 ga yaqin badiiy adabiyatlar to‘plamlari topshirildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM