Bulung‘ur tumani hokimi A.S.Mustafokulovichning 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yillik bayrami munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar, qadrli yurtdoshlar!

Avvalo, barchangizni, bugungi ulug‘ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yillik bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Ma’lumki, bundan 30 yil oldin, yaʼni 1992-yil 8-dekabrda hayotimizning qomusi boʻlmish tarixiy hujjat - mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bugunga qadar Konstitutsiyamiz huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati, bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi dono xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. Konstitutsiyamiz tarixan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan hujjat boʻlib, xalqimizning orzu-umidlarini aks ettirganligi bilan qadrlidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga amal qiluvchi bir fuqaro sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman. Zero, jonajon Vatanimizning Bosh qomusi boʻlgan Konstitutsiyani oʻrganish va unga chuqur hurmat bilan qarash har birimizning yuksak fuqarolik burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni bosh qomusimiz -  Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami munosabati bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, kasbiy muvaffaqiyat tilayman.

Yaratganning o‘zi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor bo‘lsin!

 

Samandar Astonov,

Bulung‘ur tumani hokimi

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM