Hokim yordamchilari faoliyatiga “ko‘zgu tutildi”

Bulung‘ur tuman hokimligida tashkil etilgan muhokamada viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh  boshqarmasi boshlig‘i Jamshid O‘roqov, tuman hokimi Samandar Astonov, tumanga respublikadan biriktirilgan mas’ullar, “Mahallabay” ishlash markazi mas’ullari, tumandagi iqtisodiy soha rahbarlari, mahallalardagi hokim yordamchilari ishtirok etishdi.

 

Muhokama avvalida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha na’munali faoliyat olib borgan Bulung‘urariq, Zarafshon, Lalmikor, Sahovat hamda Esonturdi mahallalaridagi hokim yordamchilari viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

Shundan so‘ng kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tilib, tumanda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar borasidagi kamchiliklar tahlil qilindi, kelgusi vazifalar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Xususan:

  • tumanda joriy yil o‘tgan davrida bir nafar hokim yordamchisi o‘rtacha 6 nafar fuqaroga subsidiya ajratgan bo‘lsa, Beshquvi va Suluvqo‘rg‘on mahallalarida birorta ham fuqaroga subsidiya ajratilmagan.  
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tumanga joriy yil yanvar-oktabr oylari uchun 46,5 mlrd so‘m kreditdan foydalanish imkoni berilgan bo‘lsada, uning 96,6 foizi ajratilgan. Kredit ajratilishi bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Avliyo Parpi, Kichik kildon va Dehqonobod mahallalarida qayd etilmoqda.
  • hudud bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida o‘qish istagi bor 5321 nafar fuqarolarning 606 nafari yoki 11,4 foizi bugungi kunga qadar o‘qitilmagan bo‘lsa, o‘qitish ishlari Sayiltepa (58 foiz), Ulug‘bek (57 foiz), Beshqo‘ton (54,0 foiz), Olmazor (30,0 foiz) va Do‘stlik (34,5 foiz) mahallalarida sust tashkil etilmoqda.
  • tumanda joriy yilning o‘tgan davrida hokim yordamchilari tashabbusi bilan tashkil etilishi rejalashtirilgan 123 ta tadbirkorlarning kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalaridan 100 tasi faoliyatini boshlab, 391 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsada, Bo‘dana, Qirqshodi, Oqtepa va Samarqand mahallalari hokim yordamchilari tomonidan joriy o‘tgan davrida birorta kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari tashkil etilmagan.
  • tumanda joriy yilning o‘tgan davrida 500 ta (yillik rejaning 90,8 foizi) yuridik (MChJ) korxonalar tashkil etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Bog‘bon (57,1 foiz), Kildon (71,4 foiz) va Kaptarxona (75,0 foiz) mahallalarida eng past darajani ko‘rsatmoqda.    
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar tashkil etish yillik rejasi tumanda 93,5 foizga (1250 tadan 1169 ta) bajarilgan bo‘lsada, yillik reja Bog‘bon mahallasida 58,9 foizga, Kildon mahallasida 73,6 foizga va Kaptarxona mahallasida 77,2 foizga bajarilgan xolos.
  • tumanda joriy yilning o‘tgan davrida 55 ta mahallaning 34 tasida 825 ta yengil konstruksiyali, konteynerli hamda ko‘chma savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari auksionga chiqarilgan bo‘lsa, 21 ta mahallada (Bulung‘ur-ariq, O‘roqli, Yangiqo‘rg‘on, Gulzor, Istiqlol, Bulung‘ur, Dehqonobod, Mehrjon, Sarqipchoq, Kichik kildon, Qirqshodi, Sohibkor, Navbahor, Guliston, Yangiariq, Samarqand, Beshquvi, Avliyo parpi, Ulug‘bek, Zarafshon va Chuyantepa) birorta ham ko‘chma savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari auksionga chiqarilmagan.

Yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish bilan bir qatorda, kelgusida hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab berildi:

- mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay yana bir bor tahlil qilib, xatlovda aniqlangan ishsizlar bandligi ta’minlanganligi, kam ta’minlangan oilalar muqim daromad manbasiga ega bo‘lganligi, tomorqa yerlaridan foydalanish bo‘yicha dastlabki natijalarni sarhisob qilish, shuningdek kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalarni daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va kayfiyatini aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash;

- mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo‘yicha ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olib, rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilgan holda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish;

- doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish ishlarini joriy yil 1-dekabrga qadar yakunlash, shuningdek, o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash;

- mahalladagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mavsumiy ishchilarga bo‘lgan talabini aniqlash orqali ishsizlarni, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;

- mahallada istiqomat qiluvchi aholining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko‘maklashish ishlarini joriy yil 1-dekabrga qadar yakunlash;

- mahalladagi ish bilan band bo‘lmagan aholining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida (ularga issiqxona qurish, tomorqasini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zo bo‘lish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara to‘lovi hamda kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishi uchun) subsidiyalar olishda ko‘maklashish ishlarini joriy yil 1-dekabrga qadar yakunlash;

- mahalladagi bo‘sh bino va yer maydonlari bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar kiritib, ularni belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga ajratish;

- tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilishini tashkil etish orqali maxallada faol tadbirkorlar loyihalarini barqaror ishlashi va faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashish hamda joriy yilda hokim yordamchilari, respublika vakillari, markaz rahbari va tuman (shahar) hokimlari birinchi o‘rinbosarlari otaliqqa olgan  kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari to‘liq ishga tushishini ta’minlash;

- maxallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yillik “Yo‘l xarita”larini sektor rahbarlari hamda hududdagi tegishli korxona va tashkilotlar bilan birgalikda ijrosini ta’minlash;

- “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida har bir hokim yordamchisi tashabbusi bilan jamoatchilik, tadbirkorlar va mahalla faollari bilan birgalikda joriy yil noyabr oyi yakuniga qadar ko‘chatlar ekilishini tashkil qilish vazifalari topshirildi.

Albatta, mazkur vazifalar birgina hokim yordamchisiga bevosita bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Shu sababdan muhokama so‘ngida tumandagi barcha tashkilot va idoralarning birinchi rahbarlari hokim yordamchilariga ularning vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berish uchun shaxsan mas’ul va javobgar ekanligi haqida yana bir bor ogohlantirildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM