Bulung‘urda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Eko bog‘” yaratilmoqda

Joriy yil 11-oktabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktabrdan 1-dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilingan edi.

 

Bulung‘ur tumanida loyiha doirasida 2022-yilning kuz mavsumida 416 ming dona ko‘chat ekilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, joylarda ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, bugun tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasiga qarashli hududda eko bog‘ hamda pitomnik tashkil etishga kirishildi.

 

Tadbir avvalida ishlar hayrli bo‘lishi so‘ralib duoga qo‘l ochildi, bir jonliq qurbonlik qilinib, hasharchilarga osh damlandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshliqlari, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Himmat Oqbo‘tayev, Ekologiya partiyasi viloyat rahbari Baxtiyor Nosirov, tuman hokimi Samandar Astonov hamda tumandagi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari mas’ullari ishtirok etishdi.

 

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar loyihadan ko‘zlangan maqsad yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Jumladan, faqatgina ochiq maydonlarga emas, balki aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar ekishni faol targ‘ib qilish kerakligi, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”ligi ta’kidlandi.

 

Loyiha doirasida Bulung‘ur tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasiga qarashli “Eko bog‘”ga 30 mingta qalamcha va ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM