So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman...

Jamiyatimizda bilagiga ishonib yurish-turish qoidalari, muomila odobiga qasddan amal qilmaydiganlarning ham uchrab turishi afsuslanarli holat. Bugun bundan mushtumzo‘rlarning o‘zlari ham pushaymon. Ammo, endi so‘nggi pushaymondan foyda bo‘larmikin...

 

Bulung‘ur mahallasidagi 1-sonli Madaniyat uyida bir jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yil 17-sentabr kuni tumandagi kafelardan birida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyat muhokama qilindi. Unda sektor rahbarlari, jarbrlanuvchi va gumonlanuvchilarning yaqin qarindoshlari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari ishtirok etishdi.

 

Muhokama avvalida yig‘ilganlar Bulungur tumani ichki ishlar bolimi huzuridagi tergov bolimining jinoyat ishi yuzasidan axborotnomasi bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, tuman hokimi Samandar Astonov, tuman IIB boshlig‘i Abduvali Otamurodov, tuman prokurorining o‘rinbosari Sunnatullo Karimovlar so‘zga chiqishib, holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi. Mahalla faollari, yoshlar, jabrlanuvchilarning yaqin qarindoshlarining fikrlari tinglandi.

 

Muhokama davomida holatga poydevor bo‘lgan sabablar, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish yuzasidan fikrlar bildirildi. Xususan, ota-bobolarimizning “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” naqli bugun tobora unutilayotganligi, jamoatchlikning ham e’tibori, huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini o‘zgartirish lozimligi ta’kidlandi.

 

Muhokama so‘ngida kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan keng qamrovli vazifalar belgilab olindi.

 

Ma’lumot uchun, voqea sodir bo‘lgan kuni soat 16:30 da bulung‘urlik 5 nafar yoshlar guruh bo‘lgan holatda tumandagi kafelardan birida bo‘lgan yoshlarni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, jamoat tartibi va fuqarolarning osoyitaligini buzib, dopposlab qasddan tan jarohati yetkazishgan.

 

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi “e”, “k” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM