“Toshkentdagi ulimga salom ayt”, “Sizni qo‘llaringizdan tanidim”: tuman hokimi bayram arafasida aholi xonadonlarida bo‘ldi

Xalqimizda bayram kunlari yaqinlarni yo‘qlash kabi ezgu an’ana bor. Bulung‘ur tumanida ham yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolg‘iz va keksalar holidan xabar olinmoqda.

Jumladan, ana shunday loyihalardan navbatdagisi 1-sektor hududida tashkil etildi. Tuman hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida tuman hokimi Samandar Astonov, keng jamoatchilik vakillari nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshlarimiz, shuningdek 100 yoshdan oshgan keksa onaxonlar holidan xabar olishdi.

Xususan, tuman hokimi Beshkuvi mahallasida 1013-yilda tug‘ilgan Raximova Ruxsat momo hamda Gulobod mahallasida 1921-yilda tug‘ilgan Xolmatova Toshbuvi momolar bilan bir piyola choy ustida dildan suhbatlashdi.

-Hali ham yostiqqa suyanmayman, odamni dangasa qiladi, - deydi Ruxsat momo. Onaxon shu kunlarda yong‘oq pustolig‘i ajratish bilan band ekan. Buni u kishining barmoqlariga o‘rnagan rangdan payqash mumkin. Harna barmoqlarimga mashq bo‘ladi, bekor o‘tirgandan nima foyda, deydi onaxon suhbat davomida. Ruxat momo suhbat so‘ngida, “Toshkentdagi ulimga ham salom ayt”, deya xayrlashdilar. – Prezidentmiizni “Toshkentdagi ulim”, deb gapiradilar deya tushuntiradi nevaralari.

Shuningdek, Toshbuvi ona tuman hokimi bilan suhbatlashar ekan, “Yaqinda ham kelgandingiz-a, o‘g‘lim”, deya so‘radilar. Darhaqiqat, tuman hokimi Samandar Astonov 8-mart bayrami arafasida ushbu xonajonda bo‘lgan edilar. – Sizni qo‘llaringizdan tanidim, o‘g‘limning qo‘liga o‘xshaydi, deya qo‘shimcha qiladi Toshbuvi momo.

Onaxonlar suhbat davomida yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqini tilar ekan, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini so‘rab duoga qo‘l ochdilar.

Bu kabi loyihalar tumanning boshqa sektorlari hududida ham davom etmoqda.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM