To‘yga to‘yona: Erganakli va Olmazor mahallalarini bog‘lovchi ko‘prik foydalanishga topshirildi

Yurtimizda “to‘yga to‘yona” deganlaridek, bayramlar, muhim sanalar oldidan yangi bino va inshootlarni, ko‘priklarni foydalanishga topshirish odat tusiga kirgan. Ushbu an’anaga muvofiq, mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan foydalanishga topshirilgan ko‘prik Erganakli va Olmazor mahallalari aholsii uchun quvonchli xabar bo‘ldi.

Ikki mahalla ahlini bir-biri bilan bog‘lovchi mazkur ko‘prik Xo‘ja Xofiz merosiy ziyoratgohiga olib boruvchi asosiy yo‘l sanalib, unga 1 mlrd. 88 mln. so‘m mablag‘ sarflandi. Avtomobillar hamda piyodalar harakati uchun qulaylik yaratigan mazkur ko‘prikning foydalanishga topshirilishi kelgusida tumanda turizm yo‘nalishini rivojlantirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ochilish marosimida tuman hokimi Samandar Astonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuxrat Abduxalimov, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ushbu hayrli  tashabbusda o‘z hissasini qo‘shganlarga minnaddorchilik bildirishdi. Quruvchi va mahalla fidoiylariga to‘n kiygizildi.

Ma’lumot uchun, Xo‘ja Hofiz Merosiy Qur’oni karimni 7 xil qiroatda o‘qiy olgan dunyodagi 7 allomaning biridir. Ziyoratgohdan 250-300 metr uzoqlikda Sohibqiron Amir Temur tomonidan barpo etilgan Sheroz harbiy qal’asi joylashgan. Shuningdek hudud yaqinida noyob uslubda qurilgan XVII asrga oid “G‘ishtli ota” jome masjidi ham mavjud bo‘lib, kelgusida hududda turizmni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM