Hatto soliq oldidagi burchini bajara olmayotgan fermer xo‘jaliklari bizga kerakmi?

Oziq-ovqat xavfsizligi global muammolardan biriga aylanib borayotgan bugungi davrda har qarich yerdan oqilona foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xo‘sh, bu borada Bulung‘ur tumanida ahvol qanday? Hamma ham yerdan oqilona foydalana olyaptimi?

Tuman hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada qishloq xo‘jaligi mutasaddilari, agrofrma rahbarlari, g‘alla uchun olingan imtiyozli kreditdan, soliqdan qarzdorligi bo‘lgan fermer xo‘jaliklari raislari ishtirok etishdi.

Muhokama davomida sohadagi kamchiliklar “Alisher Navoiy” agrofirmasi hududidagi “Abror Abdullajon zamini” fermer xo‘jaligi misolida ko‘rib chiqildi. Fermer xo‘jaligining 18 gektar yeri bor. Ball banditeti 67 ball. Jami 8 nafar ishchisi bor. G‘alla uchun imtiyozli kredit olgan, biroq kredit qarzdorligini haligacha yopmagan. Soliqdan 11 mln so‘m qarzdorligi bor.

Umuman olganda bugun tumandagi fermer xo‘jaliklarining soliqdan boqimanda qarzdorligi 12 mlrd. 800 mln. so‘mni tashkil qilmoqda. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: 15-20 gektarlab yeri bo‘lgani holda, birgina soliq burchini bajara olmayotgan mazkur fermer xo‘jaliklari qanchalik samarador? Zero, fermerlikni kasb qilgan har bir odam yerdan albatta daromad qilishi shart! Har holda Bulung‘ur tumanining unumdor yerlarida boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Muhokama davomida tumandagi barcha fermer xo‘jaliklarini hatlovdan o‘tkazish, “aravasini torta olmayotgan” fermer xo‘jaliklari yuzasidan taklif kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, muhokama davomida chorva mollarining kushxonalarda so‘yilishiga e’tibor qaratish, tumandagi har bir agrofirma hududida kamida bittadan yangi loyiha faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM