Davlat fuqarolik xizmati xalqni chinakam rozi qiladigan tizimga aylanishi lozim!

Mamlakat kelajagi, uning taraqqiyoti yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislarning xalqni rozi qilish, uning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi samarali faoliyatlari bilan bog‘liq. Bugun yurtimizda kadrlarni tanlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bu boradagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, yaqinda Davlatimiz rahbari tomonidan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning imzolanishi ushbu yo‘lda muhim dasturilamal bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va kadrlar rotatsiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, xorijda hisob raqam ochish va manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalash kabi qoidalarni o‘z ichiga olgan  ushbu Qonun kelgusida davlat xizmatini xalqni chinakam rozi qiladigan tizimga aylantirishi bilan birga davlat xizmatchilarining faoliyatlarini samarali amalga oshirishlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda rivojlangan davlatlar tajribalari asosida, chuqur muhokamalardan so‘ng ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida davlat fuqarolik xizmatiga oid munosabatlar, davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bu boradagi maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Shu jihatlarni e’tiborga olgan holda o‘tgan ikki yil davomida ishlab chiqilgan ushbu Qonun mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini xalqchil tizimga aylantirishiga ishonamiz.

Qonunning mazmun-mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu Qonun faqat davlat reestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan qo‘llaniladi. U Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi a’zolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunga ko‘ra, Davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi, qonuniylik, adolatlilik, xalqqa xizmat qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’ulligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, xolislik, professionallik va kompetentlik, davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligivadavlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi kabi prinsiplarni o‘zida mujassam etgan holda amalga oshiriladi.

Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib belgilangan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi  o‘z vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy ko‘rsatkichlar) tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi hamda davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi.

Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda ham yordam ko‘rsatadi.

Qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining maqomi, huquq va majburiyatlari va cheklovlar borasida ham bir qator qoidalar mavjud.

Jumladan, O‘zbekiston fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan vaqtdan boshlab  davlat fuqarolik xizmatchisi (DFX) huquqiy maqomiga ega bo‘ladi va faoliyatini tugatishi bilan uni yo‘qotadi.

Qonunga ko‘ra Davlat fuqarolik xizmatchisi bir qator huquqlarga ega. Ya’ni,  bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq  vaqtida va to‘liq hajmda ish haqi olish, kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun rag‘batlantirish, muntazam ravishda malakasini oshirib borishi, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish, lavozim yo‘riqnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishish, mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq bo‘lgan ish o‘rniga ega bo‘lish, davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish,  korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari haqida xabar bergan taqdirda davlat himoyasi bilan ta’minlanish va o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat organining rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hurmat qilinishi kabi huquqlar  shular jumlasidan.

O‘z navbatida qonunda davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini amalga oshirishdagi majburiyatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, Konstitutsiyaga va boshqa hujjatlarga rioya qilishi, o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq boshqa qoidalarga amal qilishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lish, o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda bo‘lishdan tiyilish, o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, davlat sirlarini yoki Qonun bilan ko‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi, daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi va boshqalar.

Yana bir narsani aytish joizki, ushbu Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar ham o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, Davlat fuqarolik xizmatchisi uchun o‘zaro yaqin qarindoshlikda bo‘lgan shaxslar bilan aynan bitta davlat oranida birga xizmat qilishi, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘z xizmat vakolatlarini suiste’mol qilib mukofot, foyda yoki sovg‘alar olish, chet davlat fuqaroligini olish va shu kabi boshqa cheklovlar belgilandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur Qonun davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmi yagonaligini ta’minlashga qaratilgan munosabatlarni tartibga solish orqali huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatchilarining kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini ob’ektiv hamda adolatli tanlov asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sishining kafolatlarini o‘rnatish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbga layoqatliligini va professionalligini o‘sishida shart-sharoitlar yaratish hamda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatli.

Qayd etish lozimki, shunday tizim davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanish,  korrupsiyaga chek qo‘yish va asosiysi, davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant o‘rinlarni yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlashga olib keladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu Qonun mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy maqomini belgilovchi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasi masalalarini tartibga soluvchi hamda davlat fuqarolik xizmatini mustahkamlovchi muhim omil sifatida xizmat qiladi.

 

B.Mamadiyarov,

Bulung‘ur tumani hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM