Axborot xizmati bayonoti: Bulung‘urda mustaqillik bayrami 29-avgust kuni bo‘lib o‘tadi

Hurmatli yurtdoshlar! Qadrli Bulung‘urliklar va tumanimiz mehmonlari! Ommaviy axborot vositalari vakillari!

Barchamizga ma’lumki, jonajon yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami ham tobora yaqinlashib kelmoqda. Mazkur bayramga tayyorgarlik ishlari tumanimizda ham allaqachon boshlab yuborilgan bo‘lib, bu yilgi shodiyonalar “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Xususan, shu kunlarda tuman markaziy ko‘chalari, mahallalar, tashkilot va muassasalar hududini tartibga keltirish, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ifoda etuvchi tasviriy targ‘ibot vositalari va boshqa bezaklar asosida badiiy bezatish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, taniqli san’atkorlar ishtirokida xayriya tadbirlarini amalga oshirilmoqda. Jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlaridan 31 nafarining sunnat to‘ylari o‘tkazilishi belgilangan.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan tuman markazida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda o‘z faoliyatini yuritmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkaziladigan bayram tadbirlari mahalliy xalq xalq tilida Mingchinor Olimpiya o‘yingohi nomi bilan ma’lum bo‘lgan, Gulzor mahallasida joylashgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi filialiga qarashli sport maydonida joriy yilning 29-avgust, dushanba kuni o‘tkazilishi belgilangan. Bayram tadbirlari soat 17:00 da boshlanadi.

Ayni kunlarda tuman hokimligi Madaniyat bo‘limi tomonidan bayram dasturiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Dastur davomida dorbozlar, polvonlar, sirk jamoalari, folklor-etnografik ansambllar, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari va baxshilar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir bo‘lib o‘tadigan hududda va barcha tadbirlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarni shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi. Xususan, tadbirlarni o‘tkazish jarayonida tez tibbiy yordam ko‘rsatish brigadalar ishtiroki ta’minlanadi. shu kuni bayram bo‘ladigan hudud artrofida avtomototransport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bayram kunlari sizlardan ham jamoat tartibini saqlash va ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ko‘mak so‘rab qolamiz. Jonajon yurtimiz mustaqilligining 31 yilligi barchangizga muborak bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

 

Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM