Tumanda yil oxirigacha aholining sportga qamrovi 23 foizga yetkaziladi

Bulung‘ur tuman sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Qo’ldoshev Sanjar tumanda sportni rivojlantirish borasidagi ishlarning bugungi ahvoli va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, aholining sportga qamrovi 2023-yilda 24, 2024-yilda 26 va 2025-yilda 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

 Bugungi kunda Samarqand viloyati Bulung’ur tumanida 1 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Tumandagi 69 ta umumta’lim maktablarining 18 ta sport zali va sport maydonlarida tuman sport maktabining 42 nafar trener-o‘qituvchilari tomonidan 16 turdagi sport turlari bo‘yicha 1 ming 359 nafar yoshlarga mashg‘ulot o‘tkazilmoqda.

2021-yil 5-noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Work-out” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori hamda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivoji uchun muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Tumanda o‘tgan davr mobaynida ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash va aholining ommaviy sportga jalb qilish ko‘lamini oshirish maqsadida 8,1 kilometr salomatlik va yana shuncha masofada velosiped yo‘laklari, 3 ta mini-futbol, 8 ta “Work-out”, 3 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, 2022-yil 11-aprelda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan, tumandagi 38 mahallada 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sportning to‘qqiz turi bo‘yicha besh bosqichli sport musobaqalari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu ommaviy sport musobaqalarida tumanimizdan 12 ming 500 nafar, ya’ni yoshlarning 18 foizi qamrab olindi. Turnir natijasiga ko‘ra, yoshlarimiz mazkur musobaqaning futbol sport bo’yicha “Changal 1” mahalla jamosi viloyatda birinchilikni qo’lga kiritdi va respublika bosqichiga yo’llanmani qo‘lga kiritdi.

Qayd etish kerakki, joriy yilning birinchi yarim yilligida tumanimiz sportchilari jahon, xalqaro, Osiyo va O‘zbekiston birinchiliklarida munosib ishtirok etib, 77 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan jahon chempionatida 2 ta, xalqaro turnirda 10 ta, Osiyo musobaqalarida 10 ta, O‘zbekistondagi bahslarda 40 ta medal vakillarimizga nasib etdi.

Hozirda tumanimizdan 2024-yil Parijda o‘tkaziladigan olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga 2 sport turi bo‘yicha 2 nafar sportchi, paralimpiya bo‘yicha 1 nafar sportchi para-taekwondo WT turi bo‘yicha nomzod sifatida saralab olingan bo‘lib,  sportchilarimiz tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashmoqdalar.

Tumanda yil oxirigacha 46 ming 200 nafar, ya’ni aholining 23 foizi sportga qamrab olinadi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilda 24, 2024-yilda 26 va 2025-yilda 30 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM