Tadbirkorlar muammolari e’tibor markazida

Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov tomonidan haftaning chorshanba kunlari tadbirkorlar qabuli o‘tkazilib kelinmoqda. Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qabul davomida tadbirkor va ishbilarmonlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarning murojaat va takliflari tinglanib, loyihalari bilan tanishilmoqda. Jarayon davomida istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, uslubiy tavsiya hamda amaly ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.

 Xususan, bugun o‘tkazilgan navbatdagi qabulda tuman hokimining o‘rinbosari - tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i, “Mahallabay” ishlash markazi, tijorat banklari, murojaatlar mazmuniga tegishli soha mas’ullari ishtirok etishdi.

Tumanning Navbahor mahallasi fuqarosi Mirzabekov Viktor kimyoviy tozalash bilan bog‘liq tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lib, 400 mln. so‘m imtiyozli bank krediti olish niyatida. Mazkur holatda bank krediti hokim yordamchisi tavsiyasi asosida berilmasligi sababli “Milliybank” tuman filiali murojaat bilan shug‘ullanishi va qonun doirasida ijobiy hal etish chorasini ko‘rishi belgilandi.

Shuningdek, tumanning Yangiqo‘rg‘on mahallasi fuqarosi Yarmatov Baxriddin parrandachilik faoliyatini yanada kengaytirish orqali kelgusida oyiga 3.5 mingta tovuq go‘shti yetkazib berishga erishish va oziq-ovqat xavfsizligiga o‘z hissasini qo‘shish niyatida. Tadbirkor shu maqsadida havo mo‘tadilligini saqlab turuvchi jihozlar olishi kerakligini bildirdi. Mazkur holatda tadbirkor faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun tuman “Mahallabay” ishlash markazi tomonidan 7 mln. so‘mgacha subsidiya ajratib berilishi, shuningdek, qolgan qismi uchun bank krediti ajratilishi choralari ko‘rilishi belgilandi.

Bundan tashqari, qabul davomida bildirilganidek, ''G'ULOMJON'' MCHJ tumanda ko‘p-qavatli uy-joy qurish niyatida. Tadbirkor shu maqsadda yer olish, mo‘ljallangan hududning talabchanligini aniqlash maqsadida tuman hokimligiga murojaat qilmoqda. Mazkur murojaat tadbirkor ishtirokida 1 kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Qabul davomida bildirilgan har bir murojaat ijrosi uchun aniq mexanizm va muddatlar belgilab olindi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM