Tadbirkorlar muammolariga ijobiy yechim topish choralari ko‘rilmoqda

Ma’lumki, 2021-yil 20-avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Bu sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilanib, bunday uchrashuvlar an’anaviy tarzda, har yili tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bu yil ham mazkur muloqotga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tadbirkorlardan savol va takliflarni yig‘ish bo‘yicha respublika shtabi hamda “koll-markaz” tashkil etilgan. Unga bugungi kungacha 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Respublika shtabi a’zolari ularda ko‘tarilgan tizimli va xususiy masalalarni har kuni muhokama qilib borishmoqda. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda.

Makur uchrashuvga joylarda ham tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda. Bunda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolarini barvaqt aniqlash va ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, Bulung‘ur tumani hokimligida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv ana shu maqsadda tashkil etildi. Unda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Oybek Alibekovich Mirzabekov, tuman hokimi Samandar Mustafoqulovich Astonov, kun tartibidagi masalaga aloqador tashkilotlar, tijorat banklarining viloyat hamda tuman filiallari rahbar va o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

Qayd etish lozimki, qabul davomida tadbirkorlar tomonidan imtiyozli bank krediti, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalarida murojaatlar bildirildi.

Xususan, muloqot davomida bildirilganidek, “Bulung‘ur fruits” qo‘shma korxonasi aylanma mablag‘ uchun 500 ming dollar kredit olish istagida bo‘lsa, “Xitoy besh barmoq qurilish mollari” xorijiy korxonasi auksionga yer maydoni chiqarib berilsa, uni sotib olish niyatida. Pishiq g‘isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Paradaise Gold” mas’uliyati cheklangan jamiyati bank kreditining to‘langan qismiga mos ravishda garovga qo‘yilgan korxonaga tegishli yer maydonini ta’qiqdan chiqarish va undan faol foydalanish istagida. “Metin business fruits” MChJ bo‘lsa soliq ma’murchiligi borasida muammolarga duch kelayotganligini bildirdi.

Erkin muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bildirilgan har bir murojaat shu joyning o‘zida tegishli soha mutasaddilari ishtirokida muhokama qilinib, ijrosi yuzasidan zaruriy vazifalar belgilab olindi. Xususan, qabul davomida tuman yoki viloyat darajasida ijobiy hal etilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar ijrosi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, respublika darajasida ko‘rilishi lozim bo‘lgan masalalar ro‘yxati shakllantirildi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan jami 18 ta murojat va 1 ta taklif ro‘yxatga olindi. Har bir murojaat ijrosi yuzasidan mas’ullar va ijro muddatlari aniq belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM