Istiqbolli kadrlar zaxirasiga saralab olingan bulung‘urlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Kecha, joriy yilning 4-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda “har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarur”ligi ta’kidlandi.

Sir emaski, bu borada Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida o‘ziga xos tajriba mavjud. Tuman hokimi Samandar Astonovning Samarqand davlat veterenariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti  hamda Samarqand davlat chet tillari instituti bitiruvchi talabalari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari hamda mazkur oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan hamkorlik memorandumlari fikrimizni tasdiqlaydi.

 

Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan navbatdagi loyiha ham davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning mazmun-mohiyatini o‘zida ifodalaydi, deyish mumkin. Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalaridan viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga saralab olingan Bulung‘ur tumani hududidagi talabalarning bandligini ta’minlash maqsadida choralari ko‘rildi.

Loyiha doirasida bitiruvchi yoshlar tumandagi korxona va tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirilib, sohasiga ko‘ra ish o‘rinlari taklif etildi.

Shundan so‘ng, tuman hokimligi mazlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi Samandar Astonov, viloyat hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Bexzod Raxmatullayev, tumandagi tashkilot va muassasalarning rahbarlari hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga saralab olingan bitiruvchi yoshlar ishtirok etishdi.

 Uchrashuv davomida ro‘yxatga olingan yoshlarning bugungi kundagi bandligi tahlil qilinib, hozirga qadar bandligi ta’minlanmagan yoshlarning bandligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Bunda har bir yoshga yo‘nalishiga ko‘ra mas’ullar – hokim o‘rinbosarlari biriktirildi. Mazkur yoshlarning nafaqat bandligini ta’minlash, balki kelgusida ularni lavozimda o‘stirish masalalari ham doimiy nazoratda bo‘lishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, mazkur yoshlar oliy ta’lim muassasalarining eng ilg‘or, na’munali bitiruvchilari orasidan saralab olingan bo‘lib, ularning bilim va salohiyatidan unumli foydalanish zarur. Bu borada esa mas’ullardan biroz mas’uliyat talab qilinadi va ushbu masala tuman hokimining doimiy nazoratida bo‘ladi.

 

Ma’lumot uchun, 2022-yilda viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zahirasiga olingan 31 nafar talabalarning 4 nafari tashkilot va korxonalarga ishga joylashtirildi.

Shulardan: 2 nafari xalq ta’limi sohasida, 2 nafari qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Shuningdek, istiqbolli yosh kadrlarning:

-2 nafari tuman tijorat banklariga;    

-2 nafari xalq ta’limi sohasiga;

-2 nafari oliy ta’lim muassasalarida ishlab uchun hujjat topshirgan.

-1 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik: devoriy-baralet dizayn ishlari bilan ya’ni rassomlik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

-3 nafari ilmiy faoliyatini davom ettirishini bildirgan, shulardan 1 nafari Angliya davlatiga o‘qish uchun ketgan.

Qolgan 17 nafar istiqbolli kadrlar zahirasiga olingan talabalarni ham ish bilan band qilish borasida chora-tadbirlar belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM