Bulung‘urda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovlari boshlandi

Bugundan Bulung‘ur tumanida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi boshlandi. Saylovlarning ilk kunida tumanning 4 ta sektori hududidan 4 ta mahallada namunali saylovlar tashkil etildi.

Jumladan, kunning birinchi yarmida tumanning Mingchinor, Kildon mahallalarida saylovlar o‘tkazilgan bo‘lsa, kunning ikkinchi yarmida Sohibkor va Cho‘yantepa mahallalarida saylovlar o‘tkazilmoqda.

Misol uchun oladigan bo‘lsak, tumanning 2-sektor hududi Kildon mahallasida jami 2386 nafar aholi bo‘lib, shundan 1514 nafari saylov yoshiga to‘lgan. Mahalla oqsoqoli saylovida jami saylovchilarning 12 foizi, ya’ni 181 nafari ishtirok etishi kerak edi.

O‘tkazilgan saylovlarda ularning 160 nafari ishtirok etdi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalari sanoq komissiyasi a’zolari tomonidan sanalib, natijalar shu yerning o‘zida e’lon qilindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mirzaqulov Nuriddin Elbegievich 117 ta, Raxmatullaev Rustam G‘ulomovich 6 ta, Ermatov Tangriberdi Abdullaevich 21 ta ovoz to‘plagan bo‘lsa, 16 ta holatda saylov byulleteni buzilgan deb topildi. Shunday qilib, 73.1 foiz ovoz bilan Mirzaqulov Nuriddin Elbegievich Kildon mahallasi raisi etib qayta saylandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM