Bulung‘urda “Mobil metodik guruh”lar faoliyati samaradorligini oshirish orqali natijadorlikka erishish choralari ko‘rilmoqda

Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida maktablarga metodik ko‘mak berishning yangi mexanizmlari amaliyotga tadbiq etilmoqda. Ilgari surilayotgan yangi mexanizmga ko‘ra metodik guruhlarga shaxsan oliy ta’lim muassasalari rektorlari rahbarlik qilishi belgilangan. Xususan, Bulung‘ur tumaniga ham Samarqand davlat universiteti mas’ul etib biriktirilgan bo‘lib, universitetning Fizika fakulteti dekani Rustam Rajabov tumanda tashkil etilgan “mobil guruh”lar faoliyati uchun mas’ul ishchi guruhga rahbarlik qilmoqda. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tajribasi asosida tadbiq etilayotgan loyihaga ko‘ra, Bulung‘ur tumanida ham har bir sektor hududi uchun 4 ta mas’ul ishchi guruh tashkil etildi. Mazkur 4 ta guruhda fizika, matematika, ona tili, informatika, kimyo, biologiya, tarix kabi 7 ta fan bo‘yicha 28 nafar 1-toifali va “Oliy” toifali o‘qituvchilar trenerligida 28 ta “Mobil guruh”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Loyihaning birinchi bosqichiga ko‘ra, tumandagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati baholandi. Natijalar asosida “Mutaxassis” va 2-toifali 619 nafar o‘qituvchilar yangi dastur va darsliklar asosida yuqorida saralangan 28 ta “Mobil guruh”lar tomonidan o‘qitilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ayni kunlarda parallel ravishda maktabning butun jamoasi uzluksiz kasbiy ta’lim platformasi yordamida 7 ta kompetensiya bo‘yicha diagnostika qilinib, onlayn malaka oshirish kurslari ham tashkil etilmoqda.

Loyihaning so‘nggi bosqichda metodik guruhning faoliyati qanchalik samara berganini aniqlash maqsadida maktab jamoasining bilimi yana bir bor o‘rganilib, avvalgi natijalar bilan taqqoslab tahlil qilinishi belgilangan.

Bulung‘ur tumani hokimligida Samarqand Davlat Universiteti qoshidagi O‘zbekiston Finlandiya pedagogika instituti rektori professor Akram Begmatov, Samarqand davlat universiteti Fizika fakultetidan tuman uchun mas’ul etib biriktirilgan professor o‘qituvchilar, tuman hokimi Samandar Astonov boshchiligida sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosari Zebiniso Raxmanova, tuman hokimining o‘rinbosari Azizbek Buriboyev, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Aliqulova ishtirokida mazkur tizimning faoliyati samaradorligini oshirish orqali natijadorlikka erishish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, muhokamalar davomida “Mobil metodik guruh”larga jalb etilgan trener o‘qituvchilar mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, o‘quvlarga jalb etilgan o‘qituvchilarga jarayon yakunlari yuzasidan kutilayotgan imkoniyatlari batafsil tushuntirilishi lozimligi, pirovard  maqsad: pedagoglar bilim va mahoratini oshirish orqali ta’lim sifatida ijobiy o‘zgarishlarga erishilishi zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar natijasiga ko‘ra, o‘quv jarayonlarini markazlashgan holda tashkil etish, buning uchun tuman markazida joylashgan sobiq Bulung‘ur qishloq xo‘jaligi kolleji negizidagi 2-sonli kasb-hunar maktabi binosidan zaruriy sharoitlar hozirlanishi belgilandi. Bunda darslar 8:30 dan 16:00 gacha davom etishi, o‘quv jarayonlarida qamrov va ta’lim sifati doimiy ravishda maonitoring qilinib borilishi lozimligi ta’kidlandi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM