Hokim mahallalardagi hokim yordamchilarining 4 oylik faoliyati amaliy natijalari bilan joyiga chiqib tanishdi

Bugun yurtimizdagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari faoliyat olib borayotganligidan xabaringiz bor. Maqsad aholining qo‘liga baliq emas, qarmoq berish. Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish evaziga kambag‘allikni qisqartirishi lozim bo‘lgan hokim yordamchilari o‘tgan davr mobaynida qanday amaliy natijalarga erishdi? Shu va shu kabi savollarga javob topish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlab, o‘z fursatida bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov bevosita soha mas’ullari ishtirokida Mingchinor, Gulzor, Nurli yo‘l, Isori O‘roqli mahallalarida bo‘ldi.

 

O‘rganishlar davomida mazkur mahallalarda hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga PQ-20-sonli Qaror asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati, 3 ta daftardagi ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash yuzasidan amaliy natijalar bilan tanishdi, tadbirkorlar, fuqarolar bilan bevosita suhbatda bo‘lib, ularning muammo va taklfilarini tingladi.

Joylardagi o‘zgarishlar aholining ham yer va tadbirkorlik masalalarida dunyoqarashi ijobiy ma’naoda o‘zgarayotganligini ko‘rsatadi. Xususan, Nurli yo‘l mahallasida fuqaro Siddiqov Ma’ruf xonadonida 8.5 sotix maydonda issiqxona tashkil etilgan. Issiqxonada hozirda 5 xil mahsulot: pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon, rayhon, qalampir ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Xonadon sohiblarining ma’lum qilishicha, ko‘chatlar har kuni bozorga chiqariladi. Ko‘chatlarning xilma-xilligi sababi aynan bir mahsulotga bog‘lanib qolinmaydi: mavsumi va talabga ko‘ra turli xildagi ko‘chatlar navbati bilan sotilaveradi, ya’ni uzilish bo‘lmaydi. Bugungi kunda xonadon egalari har kuni 1 mln. - 1.2 mln. so‘mgacha ko‘chat sotadi. Birgina ko‘chat mavsumida 8.5 sotix maydondan o‘rtacha 60 mln. so‘m daromad olinmoqda. Ko‘chatchilik mavsumi tugagach uning joyiga turli ko‘katlar ekilib, bahorga qadar ko‘kat sotiladi. Bir so‘z bilan aytganda yerdan unumli foydalanishning hadisini olgan oila undan yil 12 oy davomida yaxshigina daromad qilishmoqda.

Shuningdek, joylardagi o‘rganishlar davomida tuman hokimi Isori O‘roqli mahallasi fuqarosi Duvlanov Nizomiddin xonadonida bo‘ldi. Xonadon egasi joriy yilda o‘z tomorqasida ilk bor tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatgan. Ma’lum qilinishicha, ushbu tizimni joriy qilish uchun 10 sotix yerga 2 mln. so‘m atrofida xarajat qilingan.

-Xarajatlarim bemalol o‘zini oqlaydi. Birinchidan suv sarfi ancha kam, ikkinchidan yerga o‘g‘it sarfi ham 3 barobarga kamayib, o‘g‘itlar ham hosilning aynan tubiga yetib boradi. Bu esa, hosilning sifati va miqdoriga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi, deydi xonadaon egasi N.Duvlanov.

O‘rganish davomida tadbirkorlik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, shuningdek, o‘z tomorqasida samarali foydalanish borasidagi bir qancha yangi va samarali loyihalar ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklar va muammolar yuzasidan soha mas’ullariga tegishli vazifalar belgilab berildi.

 

Islohotlar natijalari bilan joyiga chiqqan holda tanishishlar navbati bilan tumanning boshqa mahallalarida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM