“Passiv” maktab filiali faoliyatini jonlantirish orqali qo‘shni maktablardagi yuklamalar kamayishiga erishilishi mumkin

Bugun yurtimizda ta’lim sifatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi sir emas. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham “Najot ilmda, najot bilimda” degan jumlalar bot-bot takrorlanib kelinmoqda.

 

Bulung‘ur tumani Gulobod mahallasida joylashgan sobiq 47-sonli umumta’lim maktabi bugungi kunda 16-maktab filialiga aylangan. Mazkur maktabga kelishi lozim bo‘lgan 102 nafar o‘quvchilardan 51 nafari 15 maktabda, aslida 16-maktabga borishi kerak bo‘lgan 51 nafari esa Jomboy tumanidagi 52 maktabda tahsil olishmoqda. Sababi sobiq 47-umumta’lim maktabining 2014-yilda foydalanishga topshirilgan binosi qurilish ishlari sifatsiz amalga oshirilganligi, qolaversa binoni saqlash talablariga yetarli darajada e’tibor qaratilmaganligi sababli birmuncha yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Tuman hokimi Samandar Astonov bugun mazkur filial binosi, uning yonida joylashgan, bir vaqtlar hashar yo‘li bilan qurilgan, biroq bugungi kunda foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan sobiq maktab binosini ko‘zdan kechirdi.

 

Tuman hokimi shu yerning o‘zida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashib, filial ishini jonlantirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, filial binosi qaytadan ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga yaroqli holatga keltirilishi, hashar yo‘li bilan qurilgan bino esa buzilishi, binoda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, shu yerning o‘zida mahalliy tashabbuskorlar bilan kelishilib, davlat xususiy sheriklik asosida mini-stadion qurilishi masalasi kelishib olindi. Bunda stadion kunduz kuni maktab o‘quvchilari uchun, kechki vaqtlarda esa mahalla yoshlari uchun xizmat qiladi.

  • Maqsadimiz ravshan: farzandlarimiz munosib sharoitlarda tahsil olsin, mahalliy o‘qituvchilar o‘z qishlog‘ida, o‘z farzandlari uchun ta’lim-tarbiya berishsin, deya ta’kidladi tuman hokimi. Amalga oshiriladigan mazkur loyiha natijasida qo‘shni maktablardagi yuklamalar kamayishiga ham erishiladi.

 

Yig‘ilishda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Aliqulova ham so‘z olib, tahlillarga ko‘ra, mikrohududdan ushbu filialga 146 nafar o‘quvchini qamrab olish imkoniyati mavjud ekanligini, kelgusida o‘quvchilar soni 180 nafarga yetsa filialga ham alohida maktab maqomi berilishi imkoniyati mavjud ekanligini ta’kiladi.

 

Muhokama davomida mazkur tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan zaruriy vazifalar muhokama qilinib, mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM