Barmoqlar orqali kayfiyat va organizmni boshqarish usullari

Diqqat bilan qo‘lingizga qarang. Nimani ko‘ryapsiz? Refleksologlar butun boshli biofaol nuqtalarni ko‘rishadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ular organizm va kayfiyatni nazorat qilish imkonini beradi. AdMe barmoqlar yordamida nimalarga erishish mumkinligiga oid maqolasi bilan bo‘lishdi.

 

Bosh barmoq

Katta barmoq sizning barcha qarorlaringiz uchun javobgar. U xavotir va bosh og‘rig‘i uchun mas'ul. Shuning uchun kayfiyatingiz yaxshi bo‘lmasa, asabiylashsangiz va buning natijasida bosh og‘rig‘ini orttirsangiz, bosh barmoqni siqing, lekin juda kuchli bosim bilan emas. Taxminan 5 daqiqaga. Refleksologlarning so‘zlariga ko‘ra, bu bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lishga yordam beradi.

 

Ko‘rsatkich barmoq

Bu barmoq mushakdagi og‘riqlar, shuningdek xafagarchilik, qo‘rquv va xijillik tuyg‘usini nazorat qiladi. Minnesota Universiteti tadqiqot ma'lumotlariga ko‘ra, mushakdagi og‘riqlardan aziyat chekkan bemorlar refleksoterapiya seanslaridan keyin ahvollari yaxshilanganini ta'kidlashgan. Ko‘rsatkich barmoqni boshqa qo‘lingiz kafti bilan 5 daqiqaga siqib turing.

 

O‘rta barmoq

Agar o‘zingizni odatdagidan ko‘proq charchagandek his qilsangiz yoki arzimagan narsalarga jahlingiz chiqaversa, o‘rta barmog‘ingizni siqing. Tadqiqotlar bunday mashqlar qon bosimini pasaytirib, insonning o‘zini xotirjam his qilishiga olib kelishini ko‘rsatdi.

 

Nomsiz barmoq

Salbiy his-tuyg‘ular va qayg‘udan nomsiz barmoq yordamida xalos bo‘lish mumkin. Uni 5 daqiqaga o‘rtacha bosimda siqing. Xotirjamlikni saqlash va nafas olishni nazorat qilishni unutmang.

 

Jimjiloq

Kichik barmoq insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, stress va asabiylik uchun mas'ul. Agar siz ich-etingizni yeb, shaxsiy fazilatlaringizga ishonchsizlik bilan qarasangiz, 5 daqiqalik jimjiloq mashqini bajarishingiz zarur. Bunga parallel ravishda ortiqcha o‘y-xayollarni miyangizdan chiqarib tashlang va yaxshiliklar haqida o‘ylashga harakat qiling.

 

Kaft

Kaftingiz o‘rtasini boshqa qo‘l barmoqlari bilan bosing, aylanma harakatlar bilan uqalang va 3 marta chuqur-chuqur nafas oling. Refleksologiyaga ko‘ra, kaft - his-tuyg‘ular markazi. Tadqiqot ma'lumotlariga binoan, kaftni muntazam uqalash ko‘ngil aynishi, tushkunlik, diareya va qabziyat bilan kurashishda yordam beradi.

 

Tutash kaftlar

Kaftlarni tutashtirish ko‘proq meditatsiyada qo‘llaniladi. U diqqatni jamlash, o‘y-xayollar va his-tuyg‘ularni tartibga keltirishga yordam beradi. Kaftlarni tutashtirib, ularga qarama-qarshi bosim o‘tkazish orqali qon aylanishini yaxshilashga erishish mumkin.

2015-2019 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM