Manfaatlar to‘qnashuvi kimlar o‘rtasida va qachon vujudga keladi? – Yangi qonun haqida batafsil

Senatning 1-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni maqullandi. Ushbu Qonun korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solishning huquqiy asosini ta’minlaydi.

Mazkur Qonun Prezident Farmonida nazarda tutilgan topshiriq ijrosi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi holatlari tahlil qilinganda, “Jahon odil sudlov loyihasi” tashkilotining 2022-yildagi Huquq ustuvorligi indeksida “Korrupsiyadan xolilik” indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 66-o‘rinni egallagan va bu ko‘rsatkich bilan 4 bandga yuqoriladi.

“Transparency International” tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida ham asosiy ko‘rsatkichlardan biri aynan manfaatlar to‘g‘nashuvining oldini olishga qaratilgan qonunlar mavjudligi va ularga amal qilinishidir. Ushbu indeksda O‘zbekiston 2022-yil yakunlari bo‘yicha 180 ta mamlakat ichida 126-o‘rinni egalladi.

Qonun davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlari to‘g‘risida xabar berish va tartibga solish natijasida “xolis qaror qabul qilish madaniyati” shakllanishiga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Qonun bilan “manafaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniq ta’rif berilib, ushbu vaziyat kimlar o‘rtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi to‘g‘risida aniq belgilanmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvi – davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat.

Davlat tashkiloti xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda;

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat tashkiloti xodimlariga bir qator cheklovlar belgilanmoqda.

Masalan:

  • o‘zi ishlayotgan davlat tashkiloti nazorat qiladigan tijorat tashkilotlarida ulushga o‘zi yoki yaqin qarindoshlari egalik qilishi;
  • tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining ommaviy muomalada bo‘lgan 10 foizigacha aksiyalariga egalik qilish mustasno;
  • o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotida o‘zining, yaqin qarindoshlari yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish;
  • o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotining mulkini sotib olishda, ijaraga olishda ishtirok etishi yoxud ushbu savdolarda yaqin qarindoshlarining ishtirok etishi (bundan elektron auksion mustasno) taqiqlanadi.

Mazkur cheklovlar Polsha, Rossiya, Gruziya, Latviya va boshqa davlatlarning qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga oid belgilangan cheklovlardan foydalanilgan.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solish bo‘yicha vakolatli tuzilmalar tizimi belgilanmoqda.

Jumladan:

  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
  • korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari;
  • kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari;
  • odob-axloq komissiyalari.

Davlat tashkilotida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlarini hisobga olish reestri yuritilishi nazarda tutilmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun quyidagi huquqiy oqibatlar belgilanmoqda:

  • manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga amal qilmagan davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan intizomiy javobgarlik;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan
    qarorlar va tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb
    topilishi va aybdor xodimdan yetkazilgan zarar undirish;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organi xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi va uni tartibga solinmaganlik uchun ma’muriy jarimalar belgilanmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilash hamda O‘zbekistonning korrupsiyaga oid xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Meliyev,

Adliya vaziri o‘rinbosari

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM