
Mustaqil demokratik jamiyatimizda loyihalarni moliyalashtirishda jamoatchilik fikriga tayanilishi borasidagi tajriba tobora keng amaliyotga tadbiq etilmoqda. Tashabbusli budjet loyihasi bu borada o‘ziga xos tajriba bo‘lib, aholining ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi siyosiy faolligini oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 3-may kuni qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 183-son qarori ham yuqoridagi ijobiy tajribaning mantiqiy davomi deyish mumkin.
Bulung‘ur tumani hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada hokim o‘rinbosarlari, mahalla raislari va mahallalardagi hokim yordamchilari, deputatlar ishtirok etishdi. Unda yuqoridagi Qaror mazmun-mohiyati xususida mahalla mas’ullari va keng jamoatchilik vakillariga soha mutasaddilari tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, bunda tashabbuslar mahalla raisi tomonidan kiritiladi. Tashabbuslarning umumiy soni 3 tadan kam bo‘lmasligi, loyiha qiymati 8 mlrd. so‘mdan oshib ketmasligi, loyihalar, albatta, ko‘pchilik manfaatini ifodalashi lozim bo‘ladi. G‘oliblar ovozlar soniga ko‘ra, yuqoridan pastga qarab, ajratilgan mablag‘lar doirasida aniqlanadi. E’tiborli jihati, bunda ovozlar soni aholi sonidan kelib chiqqan holda koiffitsientlanadi. Ko‘p ovoz to‘plagan, biroq g‘olib bo‘lmagan tashabbuslarning ro‘yxati shakllantirilib, kelgusida Davlat dasturlarini belgilash jarayonida inobatga olinadi.
Muhokama davomida jarayon an’anaviy tarzda noyabr-dekabr oylarida o‘tkaztilishi, biroq, jory yilda, istisno tariqasida may oyida o‘tkazilishi, shu sababdan mahalla mas’ullari fursatni boy bermasdan, aholi bilan kengashgan holda, jarayonlarga kirishishi va faollik ko‘rsatishi loziligi ta’kildlandi.