Konstitutsiyaga taklif etilayotgan o‘zgarishlar ro‘yxati

Konstitutsiyadagi 128 ta moddaning roppa-rosa yarmi – 64 tasini o‘zgartirish va 6 ta yangi modda qo‘shish taklif etilyapti.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi.

Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda.

Kun.uz o‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun 20 betdan iborat qonun loyihasini yuridik qolipdan soddaroq formatga o‘tkazib, zarur holatlarda amaldagi Konstitutsiya bilan taqqoslagan holda e’lon qildi.

1-moddadagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasini quyidagicha o‘zgartirish taklif etilmoqda:

  • O‘zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat.

1-modda o‘zgargach, uni boshqa hech qachon o‘zgartirmaslik belgilanmoqda. Buning uchun 127-moddaga (bu moddada Konstitutsiyani o‘zgartirish prinsiplari yozilgan) quyidagicha ikkinchi qism qo‘shiladi:

  • Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu moddasi ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

13-modda kengaytirilib, unga xususan quyidagi qoidalar qo‘shilishi kutilyapti:

  • Insonga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
  • Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.

15-modda quyidagicha norma bilan to‘ldirilyapti:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi.

16-moddadagi: “Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas” degan qoida kengaytirilmoqda:

  • Ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsiplarga va qoidalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.

17-moddaning birinchi qismi amaldagi tahriri bunday: “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi”.

Mazkur moddaning yuqoridagi birinchi qismi o‘rniga quyidagicha birinchi va ikkinchi qismlarni kiritish taklif etilyapti:

  • O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
  • O‘zbekiston barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevarlik tashqi siyosat olib boradi

Amaldagi 17-moddaning quyidagicha ikkinchi qismi o‘zgarmay qoladi va uchinchi qismga aylanadi: “Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin”.

20-moddaga inson huquqlarining cheklanishini tiyib turishga oid quyidagicha norma qo‘shilyapti:

  • Insonning huquq va erkinliklari faqat qonun bilan va boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, shuningdek jamoat xavfsizligini va tartibini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

22-moddaga quyidagicha yangi qoidalar kiritilmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas.
  • Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

24-moddaga kiritilayotgan yangi jumla:

  • O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi.

25-moddaga jinoyat qonunchiligiga oid normalar qo‘shilyapti:

  • Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emas. Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.
  • Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak.
  • Hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
  • Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
  • Hech kimda uning roziligisiz tibbiy, ilmiy va boshqa tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
  • Har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega. Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.

26-moddaga qo‘shilayotgan sud-huquq tizimiga oid normalar:

  • Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
  • Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
  • Hech bir shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
  • Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘linishi va ularning shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak.
  • Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi kerak.

Konstitutsiyaga 261va 262-moddalarni qo‘shish taklif etilyapti, bu yangi moddalarda quyidagilar belgilanmoqda:

  • Har bir shaxs advokat yordamidan o‘z tanloviga ko‘ra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega.
  • Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirilish, o‘z foydasiga ko‘rsatma berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.
  • Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Huquqbuzarliklardan va hokimiyatni suiiste’mol qilishdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlaydi.
  • Har bir shaxs davlat organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.
  • Hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
  • Hech bir shaxs sodir etilgan paytda huquqbuzarlik deb topilmagan qilmish uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
  • Qilmish uchun jazoni istisno etadigan yoki yengillashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega.
  • Javobgarlikni belgilaydigan yoki og‘irlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
  • Hech bir inson rasmiy ravishda e’lon qilinmagan qonunga asosan hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.

27-moddadagi shaxsiy hayot daxlsizligiga oid normalar kuchaytirilyapti:

  • Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega.
  • Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga ega.
  • Har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni, pochta-telegraf jo‘natmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

28-moddadagi: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir” degan norma quyidagicha tahrirga o‘tkazilyapti:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno.
  • Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega.

29-moddada internetdan foydalanish har kimning huquqi deb e’lon qilinmoqda (hozircha istisnolar, xususan sud qarorlari bilan cheklashga oid qo‘shimchalar loyihada yo‘q):

  • Har kim internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega.

30-moddada shaxsning o‘ziga taalluqli hujjatlar va ma’lumotlarga oid huquqlari aniq yozilmoqda:

  • Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga o‘z huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.
  • Har kim davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, jamoat birlashmalarida, tashkilotlarda o‘zi haqida to‘plangan ma’lumotlar bilan tanishish va noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, shuningdek noqonuniy yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmagan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab etish huquqiga ega.

32-moddaga mahalla idoralariga oid ta’rif kiritilyapti:

  • Fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning o‘ziga xos tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar hamda an’analardan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda va qonun doirasida hal etish huquqi hamda uni amalga oshira olish qobiliyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi deb e’tirof etiladi.

36-moddadagi: “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli” degan jumla quyidagicha o‘zgartirilyapti:

  • Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega.

37-moddaga mehnat huquqiga doir quyidagicha normalar qo‘shilyapti:

  • Har kim mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega.
  • Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerak.
  • Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
  • Har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta’tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta’tilga chiqish huquqiga ega.

Shu moddadagi: “Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi” degan jumladan keyin quyidagicha yangi jumla qo‘shilmoqda:

  • Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.

38-moddadagi: “Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi” degan jumla quyidagicha o‘zgartirilmoqda:

  • Har bir shaxs dam olish huquqiga ega. Yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’tilga chiqish huquqiga ega.

39-moddadagi: “Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas” degan jumladagi “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor” degan so‘zlar “eng kam iste’mol xarajatlari” deb o‘zgartirilmoqda.

39-moddaga ijtimoiy himoyaga oid quyidagicha yangi bandlar ham qo‘shilyapti:

  • Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi.
  • Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi.
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanadi.

40-moddaga sog‘liqni saqlashga oid quyidagicha normalar qo‘shilyapti:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.
  • Davlat sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.
  • Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
  • Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.

Konstitutsiyaga 401-modda qo‘shilmoqda:

  • Har kim sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega.

41-moddaning amaldagi tahriri bunday: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”. Bu moddani quyidagicha yangi tahrirga o‘tkazish taklif etilmoqda:

  • Har kim ta’lim olish huquqiga ega.
  • Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi.
  • Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
  • Bepul umumiy o‘rta ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
  • Maktab ishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat nazoratida bo‘ladi.
  • Ta’lim bo‘yicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etiladi.
  • Davlat iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlaydi.
  • Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi.
  • Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasidir.
  • Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Konstitutsiyaga quyidagi mazmundagi 411-modda qo‘shilmoqda:

  • Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli.
  • Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega.
  • Davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashadi.

42-moddaga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligidan tashqari, badiiy ijod erkinligi ham qo‘shiladi:

  • Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Konstitutsiyaga 421-modda qo‘shilmoqda:

  • Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Amaldagi 43-modda quyidagicha bitta jumladan iborat: “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”. Mazkur moddani quyidagicha qayta yozish taklif etilmoqda: 

  • Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadidir.
  • Davlat inson va fuqaroning Konstitutsiyada hamda qonunlarda mustahkamlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi.
  • Har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

44-moddaga quyidagicha yangi band kiritilyapti:

  • Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishi uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilishga haqli.

Amaldagi 45-modda quyidagicha bitta banddan iborat: “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir”. Mazkur moddaga quyidagicha ikkinchi band qo‘shiladi:

  • Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirishga, ularga jamiyat va davlat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralar ko‘radi.

49-moddadagi “Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir” degan jumla o‘rniga quyidagilar kiritiladi:

  • Tarixiy, ma’naviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
  • Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, O‘zbekiston xalqi ma’naviy va madaniy merosining uzluksizligini ta’minlash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

Amaldagi 52-moddada shunday yozilgan: “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”. Yuqoridagi ikki jumladan oldin quyidagicha yangi jumla kiritiladi:

  • Vatanga bo‘lgan sadoqat muqaddasdir.

53-moddaga iqtisodiyot va tadbirkorlikka oid qator yangi normalar, xususan quyidagilar qo‘shiladi:

  • Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli.
  • O‘zbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
  • Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.

Konstitutsiyaga yangi 531-modda qo‘shiladi:

  • Hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.

55-moddaga quyidagicha normalar qo‘shiladi:

  • Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo‘lishi mumkin.
  • Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi.

56-moddaning amaldagi talqini quyidagicha: “O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi”. Mazkur moddani quyidagicha tahrirga o‘tkazish taklif etilyapti:

  • Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, uning mazmunini belgilaydi.
  • Fuqarolik jamiyati institutlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishga, ijtimoiy hamda madaniy maqsadlarga erishish uchun ko‘maklashishga, jamiyatning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgandir.

61-moddaga diniy erkinlikka oid quyidagicha normalar qo‘shiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligi kafolatlanadi.
  • Davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil bo‘ladi.

63-moddaning amaldagi tahriri bunday: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”. Mazkur modda quyidagicha tahrirga o‘tkaziladi:

  • Oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini, aholini saqlab qolish hamda ko‘paytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida bo‘ladi.
  • Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
  • Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratadi.
  • Davlat ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi.

64-moddada ota-onalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga ham yuklatilmoqda. Bu vazifalar qatoriga bolalarni voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashdan tashqari, ularning ta’limi, sog‘lom va to‘laqonli kamol topishi haqida qayg‘urish ham qo‘shilmoqda.

65-moddadagi: “Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan jumla o‘rniga quyidagilar yoziladi:

  • Bolaning manfaatlari, bolalarning to‘laqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishidir.
  • Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
  • Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

70-moddaning amaldagi tahriri bunday: “Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi”.

Mazkur moddani quyidagicha shaklga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi.

74-moddaning amaldagi tahriri bunday: “Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega”.

Mazkur moddani ikki qismdan iborat quyidagicha shaklga o‘tkazish taklif etilmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir.

75-moddaning amaldagi tahriri bunday: “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi”.

Mazkur moddani quyidagicha shaklga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlanishi uchun zarur moliyaviy, moddiy, tashkiliy-texnik va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati oliy organlarida o‘z vakillariga ega bo‘ladi.

77-moddaga Oliy Majlis deputatlari hududiy kengashlarda deputat bo‘lishini cheklovchi band qo‘shilmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati ayni bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas.

78- va 93-moddalarga kiritilayotgan o‘zgarishlarga binoan:

  • O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash vakolati Oliy Majlisdan prezidentga o‘tkaziladi.

78-moddada, Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga quyidagilar qo‘shilmoqda:

  • Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini saylash;
  • O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish.

80- va 93-moddalarga kiritilayotgan o‘zgarishlarga asosan, Senatning vakolatlari uchtaga ko‘paymoqda:

  • Prezident taqdimiga binoan Hisob palatasi va Sudyalar oliy kengashi raislarini tayinlash va lavozimidan ozod etish;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi prezident farmonlarini tasdiqlash;
  • O‘zbekistonning chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarni eshitish.

83-moddada qonunchilik tashabbusiga ega sub’ektlar ro‘yxatiga quyidagilar qo‘shilyapti:

  • O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari;
  • Oliy Majlis Senati;
  • Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
  • Markaziy saylov komissiyasi.

Bu moddaning yangi tahriri asosida Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va bosh prokurorning qonunchilik tashabbuslari doirasi cheklanmoqda: ular (shuningdek, Sudyalar oliy kengashi ham) faqat “o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidan” qonunchilik tashabbusi bilan chiqishi mumkin bo‘ladi.

84-moddaning yangi tahriri bilan quyidagilar taklif etilyapti:

  • Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunlarni Senatga yuborishning cheklangan muddatini (qonun qabul qilingan kundan boshlab) amaldagi 10 kundan 20 kunga uzaytirish;
  • Senat ma’qullagan qonunlarni imzolash va e’lon qilish uchun prezidentga yuborishning cheklangan muddatini (qonun ma’qullangan kundan boshlab) 10 kundan 20 kunga uzaytirish;
  • Prezident Senatdan kelib tushgan qonunni imzolashi va e’lon qilishining cheklangan muddatini amaldagi 20 kundan 2 oyga uzaytirish.

90-moddada prezidentning vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklif etilmoqda.

93-moddada prezidentning vakolatlariga quyidagilar qo‘shilmoqda:

  • ichki va tashqi siyosatning eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda ularning ijro etilishiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlisga murojaatnomalar yo‘llash;
  • prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashini shakllantirish va boshqarish;
  • Prezident administratsiyasini, shuningdek arezident huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantirish.

98-moddaning yangi tahriri bilan Vazirlar Mahkamasiga quyidagi yo‘nalishlarda javobgarlik yuklatilmoqda:

  • ekologiya bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish;
  • oilani qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish;
  • ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi ishlashini ta’minlash;
  • fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash.

99-100-, 101- va 102-moddalarga kiritilayotgan o‘zgarishlar orqali viloyatlar, tumanlar va shaharlarda ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlari bir-biridan ajratiladi:

  • Hududdagi ijroiya hokimiyatiga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.
  • Xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
  • Kengashlar va hokimlar faoliyati qonun bilan tartibga solinadi.
  • Kengashlarning vakolat muddati – 5 yil.

102-moddadagi amaldagi norma – poytaxt va viloyatlar hokimlari prezident tomonidan, tuman-shahar hokimlari esa yuqori turuvchi hokim tomonidan tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi, bu boradagi qarorlar hududiy kengash tomonidan tasdiqlanishi haqidagi qoida o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Kengashlarning vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini va uni qurish qoidalarini hokimning taqdimiga binoan tasdiqlash;
  • tegishli mahalliy budjetlarni hokimlarning taqdimiga binoan ko‘rib chiqish va qabul qilish, ushbu budjetlarning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash;
  • mahalliy soliqlar stavkalarini va boshqa majburiy to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;
  • budjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish;
  • hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;
  • qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda xalq deputatlarining vakolatlarini tan olish hamda muddatidan oldin tugatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
  • qonunda nazarda tutilgan hollarda hokimning qarorlarini tasdiqlash;
  • tegishli prokurorlarning, ichki ishlar organlari rahbarlarining, adliya organlarining va davlat boshqaruvi organlari boshqa bo‘linmalarining hisobotlarini eshitish;
  • hokimning va quyi turuvchi xalq deputatlari kengashining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bo‘lmagan qarorlarini bekor qilish;
  • qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Hokimlarning vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • qonunlarni hamda Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, prezidentning, Vazirlar Mahkamasining farmonlarini, qarorlarini va farmoyishlarini, yuqori turuvchi organlarning hamda tegishli xalq deputatlari kengashining qarorlarini bajarish;
  • sog‘liqni saqlash, ta’lim, jamoat transporti tizimlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
  • hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan choralarni amalga oshirish;
  • fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga doir choralarni amalga oshirish;
  • munitsipal mulkni va mahalliy kommunal xo‘jalikni boshqarish; atrof-muhitning muhofaza qilinishini ta’minlash;
  • fuqarolarning bo‘sh vaqtini tashkil etish va madaniyat sohasidagi xizmatlardan foydalanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish;
  • xalq deputatlari kengashlariga viloyatni, tumanni, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy budjetining, tuman va shahar budjetining tegishli loyihalarini, shuningdek ularning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish;
  • qonunda belgilangan hollarda, quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini bekor qilish va xalq deputatlari kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;
  • respublikada va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish yuritish;
  • qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

105-modda yangi tahrirga o‘tkazilib, mahalla va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi bo‘yicha quyidagicha qoidalar belgilanyapti:

  • Raisni va o‘z boshqaruv organlarini saylaydigan mahallalar – shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir.
  • Mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va o‘z vakolatlari doirasida mustaqildir.
  • Davlat mahallalar faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart- sharoitlar yaratadi, ularga qonunchilikda berilgan vakolatlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi. Mahallalar faoliyatining huquqiy asoslari, shuningdek mahalla raisining va boshqaruv organlarining saylovi tartibi, vakolatlari hajmi qonun bilan belgilanadi.

109-moddaga qo‘shiladigan yangi bandga binoan:

  • Konstitutsiyaviy sud fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqadi.

111-moddada Sudyalar oliy kengashi mustaqil deb belgilanmoqda:

  • Sudyalar oliy kengashi – sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlovchi mustaqil organidir.

112-moddaning joriy talqinidagi “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi” degan jumladan “odil sudlovni amalga oshirish borasidagi” degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.

Shu moddadagi “Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda ko‘rsatilgan asoslar bo‘lgandagina ozod etilishi mumkin” degan jumla quyidagi jumlaga almashtiriladi:

  • Sudyalarni almashtirib bo‘lmaydi. Ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin.

116-moddaning amaldagi talqini bunday: “Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi. Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi”.

Mazkur modda quyidagicha yangi tahrirga o‘tkaziladi:

  • Har kimga malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam bepul ko‘rsatiladi.
  • Tergovning va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordamga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslangan advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
  • Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

117-moddada mahalliy kengashlar deputatligi uchun saylovni Markaziy saylov komissiyasi o‘tkazishi haqida norma kiritilmoqda.

122-moddaga quyidagicha bandlar qo‘shiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasida Davlat budjetini va davlat qarzini shakllantirish hamda ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
  • Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Fuqarolarning budjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonunda belgilanadi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM